O‘zbekiston | 20:18 / 20.04.2018
22985
6 daqiqa o‘qiladi

“Mening fikrim” veb-portali ishga tushdi: O‘zbekiston qonunlari bo‘yicha taklif berish imkoniyati yaratildi

Foto: KUN.UZ

2018 yil 20 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Mening fikrim” veb-portalining meningfikrim.uz taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur portal orqali Oliy Majlis palatalari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga elektron jamoaviy murojaat berish imkoniyati taqdim etiladi. Shu bilan birga, har bir fuqaro o‘zining konstitutsiyaviy huquqidan foydalangan holda, mamlakat qonunchilik tizimini rivojlantirish borasida o‘z fikrlarini bildirishi mumkin bo‘ladi.

Xo‘sh, ushbu portal qay tartibda ishlaydi?

Dastavval murojaatchi Yagona identifikatsiya tizimida (id.gov.uz) o‘z shaxsini tasdiqlaganidan so‘ng, “Mening fikrim” veb-portalining bosh sahifasidagi maxsus tugmani bosib tegishli joyga murojaat matnini kiritishi lozim. Mazkur murojaatni Yagona identifikatsiya tizimi (id.gov.uz) orqali o‘z shaxsini tasdiqlagan foydalanuvchilardan kamida 5 nafari qo‘llab-quvvatlashi talab etiladi. Buning uchun murojaat foydalanuvchilar e'tiboriga havola etiladi.

Murojaat yetarli miqdorda ovoz to‘plasa, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan ekspertizaga qabul qilinadi. Institut murojaatni o‘rnatilgan talablarga muvofiqligini tekshirish uchun ekspertiza o‘tkazadi. 

Shu o‘rinda murojaatni yo‘llashda e'tibor berish lozim bo‘lgan jihat shundaki, ayrim murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi. Bular:
- mavjud konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga qaratilgan da'vatlar;
- jamiyatning ma'naviy qadriyatlariga putur yetkazadigan, fuqarolarning sha'ni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini poymol qiladigan;
- urush, zo‘ravonlik, shafqatsizlikni targ‘ib qilish, millatlararo, irqiy, diniy adovat, ekstremizm, separatizm va fundamentalizmni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi;
- terrorchilik harakatlarini sodir etishga, qonunga muvofiq jinoiy va o‘zga javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa xatti-harakatlarni sodir etishga da'vat qilish to‘g‘risidagi va nizomda belgilangan boshqa masalalar.

Foto: KUN.UZ

Institut murojaatga ijobiy xulosa berganidan so‘ng bir kun ichida murojaat umumiy ovoz berish uchun «Mening fikrim» veb-portalida e'lon qilinadi. Agar murojaat belgilangan talablarga javob bermasa, u rad etiladi va murojaat muallifiga xabar beriladi.

Fuqaro tomonidan berilgan murojaatga umumiy ovoz berish e'lon qilinganidan so‘ng 90 kun davomida amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga yuborilgan murojaat fuqarolarning kamida 10 000ta ovozini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi,  xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga yuborilgan murojaat kamida 5 000ta ovozni,  xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga yuborilgan murojaat 1 000ta ovozni to‘plashi talab etiladi. Yetarli miqdordagi ovozlarni to‘plagan murojaat Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan keyingi kundan kechiktirmay vakolatli davlat organlariga yuboriladi.

Oliy Majlis palatalari, mahalliy xalq deputatlari Kengashlari tomonidan murojaatni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilinadi va «Mening fikrim» veb-portalida joylashtiriladi. Murojaatni ko‘rib chiqish va u bo‘yicha qaror qabul qilish muddati 60 kundan oshmasligi talab etiladi.

Ta'kidlanishicha, mazkur portal bir yil mobaynida sinov tariqasida faoliyat yuritadi. Bu vaqt mobaynida barcha yutuqlar va kamchiliklar o‘rganilib, uning natijasidan kelib chiqqan holda portal ishiga tuzatishlar kiritib boriladi. Bundan tashqari, tez orada portalning mobil ilovasi, mobil sayti, Telegram messenjer tarmog‘ida sahifasi ochiladi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 22 dekabrida Oliy Majlis palatalariga murojaatida “Mening fikrim” veb-portalini ishlab chiqib, ishga tushirish taklifini ilgari surgan edi. 2018 yil Davlat dasturining 34-bandida ham mazkur veb-portalni ishlab chiqish uchun e'tibor qaratilgandi. Shu munosabat bilan “Uzinfocom” yagona integratori tomonidan ushbu portal qisqa muddatda, sodda, xalqchil va oson tushunadigan tarzda ishlab chiqildi. 

Undan ko‘zlangan maqsad:

-  Parlament va mahalliy Kengashlar tomonidan tashabbuskori xalq bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy dolzarb muammolarni ko‘rib chiqishning samarali mexanizmini yaratish; 
-  Fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish; 
-  Respublikadagi eng dolzarb muammolar to‘g‘risida statistik ma'lumotlarni to‘plash; 
-  Har bir fuqaroga uning ijtimoiy maqomi, jinsi, tili, dini, millatidan qat'iy nazar dolzarb muammolar va ularning yechimi yuzasidan ovoz berish imkoniyatini yaratish bo‘lsa, 

-  Davlat hokimiyati organlarining faoliyatining shaffofligini ta'minlash va ularning fuqarolar bilan hamkorligini ta'minlash; 
-  «Xalq bilan muloqot» orqali samarali va xalqchil qonunlarni qabul qilish; 
-  Qonunchilikka takliflarni berish;
-  Takliflarni 90 kun davomida jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish vazifalari sifatida belgilab berildi. 

Taqdimot chog‘ida ma'lum qilinishicha, “Mening fikrim” maxsus veb-portali konsepsiyasini ishlab chiqishda 10 dan ortiq ilg‘or xorijiy davlatlarning tajribasi chuqur o‘rganildi va ularning ijobiy jihatlaridan unumli foydalanildi. Bundan tashqari, shu yilning 15 fevralida Oliy Majlis deputatlari, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatlari hamda NNTlar vakillari ishtirokida keng jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

2018 yil 13 aprel kuni “Mening fikrim” veb-portali loyihasi Konrad Adenauer fondi bilan hamkorlikda germaniyalik ekspertlar tomonidan xalqaro ekspertizadan o‘tkazildi va taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Mavzuga oid