11:38 / 20.04.2018
12573

Tojik sementining O‘zbekistonga yetkazib berish hajmi 16 barobar ortdi

Foto: yalim.com

Tojikiston o‘tgan yili sement eksportini deyarli 2,5 barobarga oshirdi. Joriy yilning birinchi choragida qo‘shni mamlakatlar bozorlariga 322 ming tonna sement yetkazildi. O‘tgan yilning shu davrida 133 ming tonna ushbu qurilish materiali eksport qilingandi, deb yozmoqda «AP».

Joriy yilning dastlabki uch oyida Tojikiston sement zavodlari 774 ming tonna sement ishlab chiqardi, deb xabar bergan Tojikiston Respublikasi Sanoat va yangi texnologiyalar vazirligi. Bu 2017 yil yanvar-mart oyiga nisbatan 348 ming tonnaga ko‘pdir.

Hisobotda aytilishicha, ushbu davrda O‘zbekistonga (172 ming tonna), Afg‘onistonga (131 ming tonna) va Qirg‘izistonga (19 ming tonna) 322 ming tonna sement eksport qilindi.

O‘zbekistonga yetkazib berish hajmi 162 ming tonnaga (16,3 martaga), Qirg‘izistonga 16,8 ming tonnaga (6 martaga) oshgan bo‘lsa, Afg‘onistonga esa – aksincha, 10,6 ming tonna (8,8 foiz)ga pasaygan.

So‘nggi yillarda Tojikiston sement ishlab chiqarish hajmini yangi tojik-xitoy qo‘shma quvvatlarini barpo etish orqali sezilarli darajada oshirishga muvaffaq bo‘ldi. So‘nggi sakkiz yil ichida xitoylik sarmoyadorlar Tojikistonga sement ishlab chiqarish hajmini o‘n barobar oshirishga yordam berdi.

O‘tgan yili respublikada 3,1 mln tonnadan ziyod ushbu qurilish materiali chiqarildi.

Top