Tsement ishlab chiqaruvchi barcha korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan sementning kamida 50 foizini birjaga chiqarish talabini 25 foizga pasaytirish ko‘zda tutilyapti.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, bu yilning talab yuqori bo‘lgan paytlarida narxlarning oshishiga olib kelishi mumkin.
“Bu qaror sementga talab keskin oshadigan, taklif ulgurmaydigan mart-oktyabr oylarida narxlarni yanada oshiradi. Shuningdek, yil davomida yirik ishlab chiqaruvchilarga qiziq bo‘lmagan chakana xaridorlar va mayda iste’molchilar yana jabr chekishadi”, deya yozdi Bakirov.
O‘tgan yil ham sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ohaktosh bo‘yicha soliq stavkasini 2 barobarga pasaytirish reja qilinib, amalda birato‘la salkam 4 barobarga kamaytirilgandi. Bu qaror “sement mahsulotlari narxining keskin oshishi hamda narxlarning ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik”, “mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xorijiy sement yetkazib beruvchilar oldida raqobatbardoshligini oshirish” maqsadlari bilan izohlangandi.
Tsement narxi arzonlashdimi?
Soliq imtiyozlari ma’lum muddat sement bahosining pasayishini ta’minlagan bo‘lsa-da, joriy yilga kelib narxlar yana osha boshlagan.
Tsement bo‘yicha o‘rtacha birja narxlari (1 tonna uchun):
- 2025 yil 3 yanvar: 512 ming so‘m;
- 2025 yil 16 oktyabr: 666 ming so‘m.
2025 yilning boshidan beri sement narxi 30 foizga qimmatlashgan. Ya’ni soliq stavkalarini pasaytirish amaliyoti amalda narxlarni arzonlashtirmagan, balki davlat budjetiga tushumlar miqdorining kamayishiga sabab bo‘lgan xolos.
Bu kabi amaliyot oldin ham bo‘lgan, lekin samara bermagan. Xususan, 2022 yil O‘zbekistonda yerosti boyliklari bo‘yicha soliqlar anchagina pasaytirilgan edi. Xususiy kompaniyalar uchun tabiiy gaz bo‘yicha soliq stavkasi 3 baravarga, neft va gaz kondensati bo‘yicha 2 baravarga kamaygandi. Bundan maqsad – xususiy kompaniyalarni investitsiya kiritishga rag‘batlantirish ekani aytilgandi. Amalda esa 2022 yilda yer qa’ridan foydalanuvchilar bir yil oldingiga qaraganda salkam 2 trln so‘m yoki 12 foiz kam soliq to‘ladi, gaz qazib chiqarish 4 foizga, gaz kondensati qazib olish 3 foizga kamaydi.











