00:05 / 24.04.2018
8544

Saudiya Arabistonining Yamanga bergan zarbasi oqibatida to‘yga yig‘ilganlar halok bo‘ldi 

Foto: Independent

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaning Yamanga zarbalar berishi oqibatida snaryadlardan biri mamlakat shimolida joylashgan Bani Kayis shahrida nikoh to‘yi o‘tayotgan joy ustiga tushgan. Buning oqibatida kamida 20 kishi, jumladan kelin halok bo‘lgan.

Haja viloyati vakilining ma'lum qilishicha, halok bo‘lganlarning ko‘pchiligi ayollar va bolalarni tashkil qilgan. Uning aytishicha, zarba oqibatida 46 kishi, jumladan kuyov yaralangan va yaqin oradagi gospitalga yetkazilgan. Mahalliy hokimiyat jabrlanganlar uchun zudlik bilan qon yig‘ish zarurligini e''lon qilgan.

Shifoxona bosh shifokorining aytishicha, yaralanganlar orasida 30 bola bor va ularning ko‘pchiligi og‘ir ahvolda, bir nechta bolaning qo‘l-oyoqlari uzilib ketgan.

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiyaning rasmiy vakillari aviazarba haqidagi ma'lumotga izoh berishdan bosh tortishgan. Jurnalistlarning ta'kidlashicha, 21 aprelda ham aviazarba oqibatida Yamanning Taiz shahri yaqinida avtobusda bo‘lgan 20 kishi halok bo‘lgandi.

23 aprelda koalitsiyaning zarbasidan avvalroq yamanlik isyonchi husiylar Saudiya Arabistoni tomon 2 ta raketa otgan. Al Arabiya telekanalining ma'lum qilishicha, raketalardan biri urib tushirilgan, boshqasi cho‘l hududiga tushgan.

Mavzuga oid
Top