Jamiyat | 00:50 / 24.04.2018
61973
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 10 kun avval yo‘qolib qolgan 6 yoshli bolaning jasadi topildi

Foto: Toshkent shahar IIBB

23 aprel kuni ertalab Toshkentda 14 apreldan buyon qidirilayotgan olti yoshli Abdulloh Alisherovning jasadi topildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi matbuot xizmati xabar bergan.

Ma'lum bo‘lishicha, bolaning jasadi Uchtepa tumanidagi uyi yaqinidan oqib o‘tuvchi Qoraqamish kanali qirg‘og‘idan topilgan.

«Olib borilgan qidiruv ishlari natijasida, 2018 yilning 14 aprel kuni bedarak yo‘qolgan 2012 yil 19 sentabrda tug‘ilgan Alisherov Abdulloh Olimjon o‘g‘li o‘zi yashagan uyga yaqin joydan oqib o‘tuvchi kanaldan topildi va bugun Abdullohga janoza o‘qilib, so‘nggi manzilga kuzatildi. Abdullohning yaqinlari uni topishda yordamlarini ayamagan va ularning dardiga sherik bo‘lganlarga minnatdorchilik bildiradilar», deyilgan xabarda.

Dastlabki ko‘rikda bola jasadida zo‘ravonlikdan vafot etganini tasdiqlovchi belgilar topilmagan. Hodisa tafsilotlari o‘rganilmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid