Jamiyat | 10:20 / 24.04.2018
6796
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda madaniyat va san'at xodimlari uchun 16ta ko‘p qavatli uy quriladi

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi bilan Toshkent shahrida madaniyat va san'at xodimlari uchun ko‘p qavatli uylar quriladi.

O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san'at xodimlarini yashash sharoitini yaxshilash, ularning ijodiy faoliyatini e'tiborga olgan holda uy-joylarni loyihalash va imtiyozli narxlarda qurish yuzasidan bildirilgan takliflarni inobatga olib:

1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat bankining:

madaniyat va san'at xodimlari uchun Toshkent shahrida 2018-2019 yillarda 2tadan, 2020-2022 yillarda 4tadan jami 16ta ko‘p qavatli uylar qurish;

ushbu ko‘p qavatli uylarni qurish xarajatlarini tijorat bank kreditlari hisobidan moliyalashtirish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

2. Ushbu farmoyishning 1-bandida nazarda tutilgan kreditlarning ta'minoti sifatida Madaniyat vazirligi huzuridagi “Binolardan foydalanish va ularni ekspluatatsiya qilish direksiyasi” davlat korxonasiga qarashli mulklarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda garovga qo‘yilishiga ruxsat berildi.

3. Madaniyat va san'at xodimlari uylarini qurish bo‘yicha:

buyurtmachi etib - O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi “Markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriluvchi obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta'mirlash bo‘yicha buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi;

bosh loyihachi va bosh pudrat tashkilotlari qonun hujjatlariga muvofiq o‘tkaziladigan tanlov savdolari (tender) natijalari bo‘yicha belgilandi.

4. Toshkent shahar hokimligi madaniyat va san'at xodimlari uchun 2018-2019 yillarda 2tadan ko‘p qavatli uy qurish uchun Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, “Kamolon” mahallasi, “Ustozoda” ko‘chasidan, shuningdek, 2020-2022 yillarda 4tadan ko‘p qavatli uy qurish uchun Madaniyat vazirligining takliflarini inobatga olib, belgilangan tartibda yer uchastkalarini bepul ajratadi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:

bosh loyihachi tashkiloti bilan birgalikda madaniyat va san'at xodimlariga quriladigan uylarining loyihalarini 5-7 qavatli hamda madaniyat va san'at vakillarining ijodiy faoliyatlarini inobatga olib, ishlab chiqilishini ta'minlaydi;

uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand bo‘lgan madaniyat va san'at xodimlari ro‘yxatini 2018 yilda quriladigan ko‘p qavatli uylar uchun ikki oy muddatda hamda keyingi yillarda quriladigan uylar uchun esa har yilning yanvar oyida shakllantirsin hamda ularga quriladigan uylarni ipoteka krediti asosida sotib olishlariga ko‘maklashadi.

6. Mazkur farmoyish bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.S. Sayfullayev, Toshkent shahar hokimi R.J. Usmonov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, san'at va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklandi. 

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid