23:20 / 26.04.2018
4603

MDHda terrorchilik uchun sudlangan va qidirilayotganlarning yagona bazasi yaratildi

Foto: RIA Novosti / Sergey Guneyev

MDH davlatlarining Aksilterrorchilik markazi terrorchilik va ekstremistik yo‘nalishdagi jinoyatlar uchun sudlanganlar va qidirilayotganlarning yagona bazasini yaratdi. Bu baza har 3 oy yangilanib boradi va o‘z samaradorligini ko‘rsatmoqda, deb ma'lum qildi Aksilterrorchilik markazi ilmiy-maslahat kengashi raisi Marianna Kochubey.

Uning jurnalistlarga tushuntirishicha, MDH davlatlarining terrorchilik va ekstremistik xarakterdagi jinoyatlarni sodir etgan fuqarolari hisobga olinadigan ma'lumotlar bazasi markazning bosh vazifalaridan biri hisoblanadi.

“Qidirilayotgan shaxslar yagona bazasi mavjud. Bir qator xalqaro terrorchilik tashkilotlari faollashib, terrorchilik tuzilmalari “rebrendingi” yuz bergandan keyin biz bu ishga yanada ko‘proq e'tibor bera boshladik. Biz bu bazani har 3 oyda yangilab boramiz. Bu ancha yuqori daraja”, deb aytgan Kochubey.

Kochubeyning tushuntirishicha, markaz MDH davlatlaridan tergov bosqichida qidiruvga berilgan, suddan bosh tortgan yoki ozodlikdan mahrum qilish joylaridan qochgan odamlar haqida ma'lumotlar oladi, bu ro‘yxatlarni birlashtirib, kim va qayerda bo‘lishi mumkinligini aniqlab, hamkorlarga ma'lumot beradi.

“2010 yildan boshlab biz mingdan ko‘proq kishining joylashgan o‘rnini aniqlab, bu haqda hamkorlarimizni xabardor qildik va bu shaxslar qo‘lga olingan. Bu baza juda samaralidir”, deb qo‘shimcha qilgan markaz vakili.

Mavzuga oid
Top