O‘zbekiston | 21:59 / 27.04.2018
9886
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Pokistonning Quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondonini qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 aprelda Pokiston Islom Respublikasining Quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni general-leytenant Kamar Javed Bajva boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi.

Shavkat Mirziyoyev mehmonni qutlab, ushbu uchrashuv O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida so‘nggi yillarda jadal rivojlanayotgan, do‘stlik, sheriklik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash tamoyillari, umumiy tarix va diniy e'tiqod, an'analar va ma'naviy qadriyatlar mushtarakligiga asoslangan ko‘p qirrali aloqalarning yana bir dalili ekanini alohida ta'kidladi.

Turli darajadagi siyosiy muloqotlarning faollashgani qayd qilindi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik kengaydi: o‘zaro savdo hajmi ortib bormoqda, ikki mamlakat kompaniyalari va tadbirkorlari tomonidan qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, ko‘nchilik, oziq-ovqat va iqtisodiyotning boshqa sohalarida qo‘shma loyihalar tayyorlanmoqda va amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston-Pokiston Ishbilarmonlar kengashi faoliyat yurita boshladi.

O‘tgan yilning aprel oyidan “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining Toshkent – Laxor – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlari tiklandi.

Madaniy-gumanitar aloqalar rivojlanmoqda. Ziyorat turizmi dasturi doirasida mamlakatimizga sayyohlar kelishi ko‘paymoqda.

Uchrashuvda o‘zaro manfaatli aloqalar, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Harbiy va harbiy-texnik sohadagi hamkorlik istiqbollari, zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatni tinchlik yo‘li bilan hal qilish masalalari muhokama qilindi.

General K.Bajva davlatimiz rahbariga qabul uchun minnatdorlik bildirdi va Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Husaynning ezgu tilaklarini yetkazdi.

U O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Qurolli Kuchlarni modernizatsiyalash va mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Joriy yilning mart oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha konferensiyaning amaliy natijalari to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.

Uchrashuv yakunida Quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni Pokistonning mamlakatimiz bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga tayyor ekanligini yana bir bor tasdiqladi.

Mavzuga oid