Soxtakorlik yoki beparvolik: Xotin-qizlar qo‘mitasiga aytar so‘zim bor
Blekpulda istiqomat qiluvchi Harri Harper 999 raqamiga sim qoqib, sal qolsa, operatorning o‘takasini yorib yuboray dedi. U telefondagi suhbatda qo‘lida oshxona pichog‘i borligi, yaqin daqiqalarda joniga qasd qilmoqchiligini aytadi. Go‘shakdagi erkakning ovoziga yig‘i aralashishi bilan qayerdandir politsiya sirenasi eshitila boshladi. Uyga bostirib kirgan tezkor qutqaruvchilar guruhi bundan bir necha yillar avval turmush o‘rtog‘idan ayrilgan Harri bilan suhbatlashmoqchi bo‘ldi. Ma'lum bo‘lishicha, uning xotini ham o‘z joniga qasd qilgan, shundan so‘ng, janob Harperning biznesi ham kasodga uchradi. U ichkilikka ruju qo‘ydi, psixologik kasallik orttirib oldi. Biroq, o‘z joniga qasd qilmoqchiligini aytgan Harri Harperning bu gal ham urinishi havoga sovurildi. 28 marta! So‘nggi 6 haftada u aynan 28 marta joniga qasd qilishga urindi.
Ushbu jarayon uzoq yurtda, O‘zbekistondan 6,615 km olisda joylashgan Buyuk Britaniyada yuz bermoqda. Ming shukurlarkim, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar natijasida... barcha viloyatlarda «Ayollar maslahat markazi» ishga tushirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasining ma'lum qilishicha, hozirgacha markazlarga 3000ga yaqin ayol-qizlar murojaat qilgan, ularga markaz xodimlari tomonidan tibbiy-psixologik hamda huquqiy yordam ko‘rsatilgan. Hartugul ko‘nglim joyiga tushdi, Buyuk Britaniya standartlari bilan barobar raqobat qila olmasligini sezsam ham, boshiga tashvish tushgan ayol telefon suhbatda bo‘lsa-da, kimgadir dardini ayta oladi.
Qiziqish ustunlik qilib, markaz telefon raqamiga (+998712003030) sim qoqdim. Soat 21:20. Uzoq kuttirmasdan, kimdir go‘shakni ko‘tardi. Men shokdaman! Qoyil, kechasi ham ishlayapti, balki markazning ish faoliyati 24 soat etib belgilangandir. Keyin bizning suhbat taxminan shunday davom etdi:
- Assalomu alaykum, City Education eshitadi. Sizga qanday yordam bera olaman?
- Kechirasiz, bu «Ayollar maslahat markazi» emasmi? Yo adashib tushdimmi?
- Yo‘q, to‘g‘ri tushdingiz. Lekin bu o‘quv markazi, menimcha siz ham noto‘g‘ri ko‘rsatilgan telefon raqam bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilyapsiz. Har kuni ayollar turli masalalar bilan bog‘lanyapti. Biz esa ta'lim bilan shug‘ullanamiz.
- Mayli, ishlaringizda omad. Rahmat
Shu bilan suhbatimiz tugadi. Hafsalam birdan pir bo‘ldi. Buvim aytishimni taqiqlagan bir olam so‘zlar bilan qo‘mita mutasaddilarini eslagim keldi. Nega odamlarni chalg‘itadi? 3000 kishi emish... Faqat bitta o‘y xayolimdan o‘ta boshladi: janob Harper yaxshiyam O‘zbekistonda emassiz, yo‘qsa, sizning joningizga qasd qilishingiz bilan hech kimning ishi yo‘q.
Alisher Ro‘zioxunov,
Kun.uz jurnalisti
Mavzuga oid
18:49 / 29.01.2020
Zo‘ravonlikka uchragan ayollarga himoya orderi qay tartibda berilishi ma'lum qilindi
02:25 / 20.12.2019
19 nafar mahkuma ayol Xotin-qizlar qo‘mitasi kafilligi bilan ozodlikka chiqarildi
18:56 / 10.12.2019
O‘zbekistonda xotin-qizlarga doir o‘n yillik strategiya ishlab chiqilmoqda
15:44 / 26.11.2019