Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShning Afg‘onistondagi qo‘shinlari yo‘qotishi 2015 yildan beri eng yuqori darajadaligi ma'lum qilindi
Ayni vaqtda AQShning Afg‘onistondagi qo‘shinlari shaxsiy tarkibi yo‘qotishlari 2015 yildan beri eng yuqori darajada bo‘lib, isyonchilar nazoratidagi hudud esa anchagina kengaygan. Shunday ma'lumotlar AQSh hukumatining Afg‘onistonda rekonstruksiya masalalari bo‘yicha maxsus bosh inspektori ofisi (SIGAR) hisobotida keltirilgan.
SIGAR hisobotiga ko‘ra, Afg‘onistonda 2017 yilda 11 amerikalik harbiy halok bo‘lgan, 102 nafari yaralangan. Hisobotda ta'kidlanishicha, 2016 yilda Afg‘onistonda 9 nafar, 2015 yilda esa 10 nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan. Yaralanganlar esa 2016 yilda 71 nafarni, 2015 yilda 75 nafarni tashkil qilgandi. Joriy yilning 1-choragida esa 2 nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan, 22 nafari yaralangan.
Afg‘oniston hukumati nazoratidagi hudud 2015 yildagi 72 foizdan 2017 yil oxirida 56 foizgacha qisqargan. Asosan “Tolibon”ga kiruvchi isyonchilar nazoratidagi hudud esa 7 foizdan 14 foizgacha oshgan. Shuningdek, qaysi tomonga tegishli ekanini aniqlash qiyin bo‘lgan bahsli hududlar ulushi ham 21 foizdan 30 foizgacha oshgan. Hisobotda, shuningdek, aholi ustidan nazorat kabi ko‘rsatkich keltirilgan. Unga ko‘ra, o‘zgarish isyonchilar foydasiga bo‘lgan: ular 2016 yilda 9 foiz aholini nazorat qilgan bo‘lsalar, 2018 yil yanvarida bu ko‘rsatkich 12 foizni tashkil qilgan.
Hisobotda aniq sabablarsiz afg‘on xavfsizlik kuchlari: harbiylar va politsiyachilar soni keskin kamaygani ham qayd qilib o‘tilgan. Harbiylar soni 2017 yil yanvaridan 2018 yil yanvarigacha 4818 kishiga, politsiyachilar esa 23210 kishiga kamaygan.
Hozirgi kunda Afg‘onistonda 14 ming amerikalik harbiy joylashgan. Ulardan 7800 nafari afg‘on armiyasini o‘qitish va jangovar tayyorgarligini oshirishga qaratilgan “Qat'iy ko‘mak” amaliyotida ishtirok etadi. Qolgan harbiylar esa havo amaliyotlari, afg‘on maxsus kuchlarini o‘qitish hamda aksilterrorchilik va aksilnarkotik reydlarni tashkillashtirishga jalb qilingan.