Jahon | 20:19 / 05.05.2018
4371
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyada KXDRga qarshi tashviqot varaqalari yuborilishining oldi olindi  

Foto: AFP

Janubiy Koreya politsiyachilari 5 may kuni faollar guruhi tomonidan havo sharlari yordamida KXDRga tashviqot varaqalari yuborilishi oldini olishdi. Bu haqda “Ryonxap” axborot agentligi xabar bermoqda.      

Hukumatning har qanday tashviqot harakatlaridan tiyilish chaqirig‘iga qaramay, “Ozod Shimoliy Koreya uchun harakat alyansi” a'zolari havo sharlari yordamida Shimoliy Koreyaga Kim Chen Inga qarshi tashviqot varaqalarini jo‘natmoqchi bo‘lishgan.

Voqea KXDR chegarasi yaqinidagi Pxaju shahrida yuz bergan. 300 ga yaqin politsiyachi 5000 ta varaqa, havo sharlari va ularni shishirish uchun gaz ballonlari olib ketayotgan kichik yuk mashinasini o‘rab olib, faollarga o‘z maqsadlariga erishishga yo‘l qo‘ymagan.  

“Jamiyatimiz tinchlik muhitidan sarxush bo‘lgan, Kim Chen Inning tinchlik haqidagi yolg‘on gaplaridan ko‘r bo‘lgan”, deb aytgan alyans vakili Pak San Xak. Uning aytishicha, Shimoliy Koreya yadroviy zaryad tashiy oladigan raketalarni yaratib bo‘lgandan keyin yadroviy sinovlarni to‘xtatishdan endi hech qanday naf yo‘q, Kim Chen In esa tinchlik haqidagi gaplar bilan jamoatchilikni aldamoqda.

Faol “shimoliy koreyaliklarga achinarli haqiqatni bilishga imkon berish” va “Kim Chen In tuzumiga chek qo‘yish” maqsadida chegara orqali varaqalarni jo‘natish bo‘yicha harakatlar davom etishiga va'da bergan.

Tinchlikni tiklash va dushmanona harakatlar, jumladan tashviqot materiallarini jo‘natishni to‘xtatishga KXDR va Janubiy Koreya sammitida kelishib olingandi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid