23:45 / 06.05.2018
25193

«O‘g‘limning bolalarcha beg‘ubor harakatlari, quvnoq chehrasi ko‘z oldimdan sira ketmaydi»

9 may — Xotira va Qadrlash kuni arafasida Vatanimiz mustaqilligi, tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan, shu yurtning aziz farzandlari xotirasi ham yodga olinmoqda. Ulardan biri chin o‘g‘lon, mayor Zuhriddin G‘ulomov edi.

Zuhriddin G‘ulomov 1986 yil 7 martda Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida tug‘ilgan. 2004 yilda tumandagi 2-ijtimoiy fanlarga ixtisoslashgan litsey-internatni bitirib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati institutiga o‘qishga kirgan. 2008 yildan hayotining so‘ngigacha Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlaridagi harbiy qismlarda xizmat qilgan.

2016 yilning oktabr oyida xizmat burchini o‘tash chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan. Davlat chegarasi daxlsizligini, el-u yurt xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha xizmat burchini bajarishda ko‘rsatgan mardligi, fidoyiligi uchun mayor Z.G‘ulomov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga ko‘ra vafotidan so‘ng «Jasorat» medali bilan taqdirlangan.

Zuhriddin shu aziz Vatan tinchligi, osoyishtaligini asrash, ota-onasi, yaqinlari, farzandlarining musaffo osmon ostida baxtli hayot kechirishlarini ta'minlash har bir yigitning muqaddas burchi ekanini qalbiga jo qilgan edi.

— O‘g‘limning bolalarcha beg‘ubor harakatlari, quvnoq chehrasi ko‘z oldimdan sira ketmaydi, — deydi Maharramoy aya. — Yuragim ezilgan damlarda uning suratiga termulaman. U juda bilimli, zehni o‘tkir,birovlardan yordamini ayamaydigan, kamtar, har bir ishini reja bilan amalga oshiradigan yigit edi. Uning farzandlarini ko‘rib, o‘zimni ovutaman. Birga xizmat qilgan safdoshlari, harbiylar, mahalliy hokimlik va jamoat tashkilotlari vakillari xonadonimizga tez-tez kelib, hol-ahvol so‘rab turishadi, o‘g‘limning yo‘qligini sezdirmaslikka harakat qilishadi. Ana shu pallada bag‘rim yana to‘lgandek bo‘ladi.

2016 yil 18 oktabr. Kuzning sokin kunlaridan birida maxsus brigada davlat chegaralari bo‘ylab havo razvedka tadbirlarini amalga oshirish uchun otlanadi. Ular safida bo‘lgan mayor Zuhriddin G‘ulomov ham Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida «Mi-171» vertolyotining halokatga uchrashi oqibatida xizmat vazifasini bajarish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘ladi.

— Zuhriddin Amir Temur va Zahiriddin Muhammad Boburning harbiy yurishlarda qo‘llagan jang san'ati, XX asr boshida Turkistonda olib borilgan milliy ozodlik harakati jarayonlarini chuqur o‘rganishga qiziqardi, — deydi tarix fani o‘qituvchisi Ubaydulla Teshayev. — Uning o‘sha davrlarga tegishli mulohazali savollariga javob berish uchun bir nechta qo‘shimcha adabiyotlarni qidirib topganman. Aytish mumkinki, yurtimiz tarixi, sarkardalarimiz hayotiga doir bilim va tushunchalar Zuhriddinni haqiqiy vatanparvar qilib tarbiyalagan. Shu bois ham u harbiylik kasbini tanladi, ona Vataniga chin dildan xizmat qilishni o‘z taqdiri, deb bildi.

— O‘g‘lim yoshligidan ilmga chanqoq bo‘lgan, — deydi Shamsiddin ota. — Boshlang‘ich sinfni tamomlagach, tumandagi 2-litsey-internatga o‘qishga kirdi. Ana shu bilim dargohi uning orzulariga qanot bo‘ldi. Zuhriddinning oilaparvarligini alohida tilga olmoqchiman. Qishloqqa ta'tilga kelganida ham tinmasdi. Bilasiz, qishloqda ish ko‘p, ukasi Kamoliddin bilan 10 kundayoq bir yillik yumushlarni yakunlab ketardi. Tomsuvoq deysizmi yoki yer chopish, hammasiga ulgurardi.

Zuhriddin maktab-internatda o‘qib yurgan kezlari o‘zidan bir sinf quyida tahsil olayotgan Rayhona ismli qiz bilan birga fan olimpiadasiga boradi. Zuhriddin huquqdan, Rayhona rus tili va adabiyoti fani buyicha musobaqalarda qatnashib, muvaffaqiyatga erishdi. O‘quvchi-qizning intilishlarini, bilim darajasini inobatga olgan ta'lim muassasasi mutasaddilari Rayhonani bir sinf yuqoriga o‘tkazishadi. Zuhriddin bu qiz sinfiga qo‘shilganidan so‘ng o‘ziga yanada talabchan, mas'uliyatliroq bo‘lishga intildi.

2004 yilda ikki yosh bilim maskanini a'lo baholarga tamomlab, oliy ta'lim muassasasi sari yo‘l olishadi. Zuhriddin Davlat xavfsizlik xizmati institutiga, Rayhona esa O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining ingliz tili filologiyasi fakultetiga o‘qishga kiradi.

2008 yilda ular turmush qurishadi. Zuhriddin kelajakda farzandlarining bilimli, komil inson bo‘lib ulg‘ayishida onaning o‘rni qanchalik muhim ekanini tushunib, Rayhonani magistraturada tahsilni davom ettirishga undayveradi. Bu orada birinchi farzandi Isomiddin dunyoga keladi. Shunday bo‘lsa-da, Rayhona to‘rt yil deganda Zuhriddinning qistovi bilan magistraturaga o‘qishga kiradi. 2013 yilda oilada yana o‘g‘il dunyoga keladi. Unga buyuk Sohibqiron bobomizga havas qilib, Temur deb ism qo‘yishadi...

— Turmush o‘rtog‘imning mard va jasurligi, Vatanga, harbiy burchga sadoqati farzandlarim uchun hamisha ibrat, — deydi Rayhona G‘ulomova. — U kishi ota-onasiga, oilasiga, yaqinlariga mehribon, shirinso‘z va saxiy edi. Afsuski, hayotdan erta ketdi, yurtimiz, xalqimiz va men kabi onalarning tinchligi uchun jonini fido etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «Hech shubhasiz, Vatan oldidagi burchini ado etish chog‘ida yurtimiz ozodligi, xalqimizning bugungi tinch va osoyishta hayotini ta'minlash yo‘lida halok bo‘lgan mard va jasur o‘g‘lonlarimizning aziz xotirasiga ehtirom ko‘rsatish biz uchun ham farz, ham qarzdir», degan fikrlari bizga kuch bag‘ishlab, ertangi kun, farzandlar kelajagiga ishonch bilan yashashga undayapti. Biz yolg‘iz emasligimizni, xalqimiz bilan yonma-yon ekanligimizni his etib yashayapmiz.

Mayor Zuhriddin G‘ulomov ko‘plar havas qilsa arziydigan ibratli oila sohibi edi. O‘g‘li Isomiddin maktabda tahsil olmoqda, Temur maktabgacha ta'lim muassasasi tarbiyalanuvchisi. Rayhona G‘ulomova hozirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida o‘qituvchi, mustaqil ilmiy tadqiqotchi. U umr yo‘ldoshi Zuhriddindek matonat va sabr, jasorat bilan farzandlarini voyaga yetkazmoqda.

Zuhriddin o‘qigan 12-umumta'lim maktabida uning sharafiga monument o‘rnatilgan, «Shon-sharaf» burchagi tashkil etilib, byusti qo‘yilgan. Tumandagi ta'lim dargohlarida Z.G‘ulomov xotirasiga bag‘ishlab turli sport musobaqalari, ochiq turnirlar, harbiylar bilan uchrashuvlar va boshqa ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Top