Jahon | 10:20 / 08.05.2018
20228
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda Haj–2018 bahosi e'lon qilindi: u o‘tgan yilgidan biroz qimmat

Foto: Tojikiston Respublikasi din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi

Tojikistonda joriy yilda Islom olamining muqaddas ziyoratgohlariga haj qilish narxlari e'lon qilindi. Tojikistonlik ziyoratchilar uchun bu yilgi ziyorat bahosi o‘tgan yilgidan 89 AQSh dollariga qimmatroqqa tushadi va 3172 dollar (33.410 somoniy)ni tashkil etadi, deb yozadi news.tj.

«Narxning o‘sishiga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniya o‘z xizmatlariga belgilangan narxning oshirganligi sabab bo‘ldi», — degan «Asia plus»ga Tojikiston Respublikasi din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi matbuot kotibi Afshin Muqim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu narx o‘z ichiga ikki tomonlama chipta, tibbiy sug‘urta, Makka va Madina shaharlaridagi mehmonxonalarda yashash va taomlanish, gid xizmati, qurbonlik qilish uchun jonliq bahosi, Tojikiston belgilariga ega chamadon va sumkalarni qamrab oladi.

«Bu yil yagona libos o‘rniga kiyim tikish uchun 4 metr mato beriladi va u ham umumiy summa ichiga kiritilgan», — dedi qo‘mita vakili.

Ko‘rsatib o‘tilgan summani ziyoratchilar «Oriyonbonk» OAJ markaziy ofisida yoki uning joylardagi filiallarida to‘lashlari mumkin.

Ziyoratchilarning ilk guruhi «Somon Eyr» va «Flay nas» reyslari bilan Dushanbe va Xo‘janddan iyun oyi oxirida Madinaga uchishadi.

Qo‘mita ma'lumotlariga ko‘ra, bu yili Tojikistondan 6 mingdan ziyod kishi Makkayu Madinani ziyorat qilib kelishi mo‘ljallanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tomonidan Haj–2018 uchun sarf xarajatlar eng yuqori darajada ko‘rsatiladigan barcha xizmatlarni e'tiborga olgan holda 38.000.000 so‘m (4700 AQSh dollari) etib belgilangani haqda xabar bergan edik.

Mavzuga oid