11:53 / 08.05.2018
24069

O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi bayrog‘i va timsoli namunalari tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 18 apreldagi «Prokuratura organlarining ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va mamlakatni modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklari ishonchli himoyasini ta'minlashdagi rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi farmoniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi bayrog‘i va emblemasi namunalari tasdiqlandi. Belgilanishicha, bayroq va emblemadan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori tomonidan tasdiqlanadi. 

O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi bayrog‘i tavsifiga ko‘ra, u to‘g‘ri burchakli moviy rangdagi bir en mato bo‘lib, doimiylik, jasorat, sodiqlik, fidokorlik va jasurlikni bildiradi. Bayroq markazida geraldik belgi tasvirlangan – O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi emblemasi.

Bayroq uzunligi – 250 sm, eni – 125 sm. Bayroq boshqa o‘lchamlarda ham bo‘lishi mumkin, biroq barcha holatlarda bayroqning uzunligi uning eniga nisbatan 1:2 o‘lchamda bo‘lishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi timsoli tavsifiga ko‘ra, u uch burchakli, pastga ekilgan qalqon bo‘lib, ustki burchaklari kesilgan. U davlat va jamiyat himoyasini anglatadi. Qalqon ortida – ikkita bir biri bilan diagonal kesishgan uchi pastga qaratilgan shamshir. Shamshir dastagi beshta hoshiyadan iborat, ular O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi faoliyatining asosiy prinsiplarini bildiradi – birdamlik, markazlashganlik, qonuniylik, mustaqillik va oshkoralik. 

Qalqon va shamshir maydoni kumush rangda. Qalqon markazida O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan. 

Top