Kattaqo‘rg‘onlik Hamid aka Samatov Ikkinchi jahon urushi yillarida ikki marta qahramonlik ko‘rsatadi. Birinchisi - Stalingrad va Ukraina jang maydonlarida bo‘lsa, ikkinchisi - fuqarolik burchini ado etishda. Urushdan uyiga og‘ir jarohat bilan qaytgan Hamid aka 13 nafar qarovsiz qolgan bolalarni asrab olib, katta qiladi, deb yozmoqda Sputnik O‘zbekiston.
1944 yil. Urushda og‘ir jarohat olib uyiga qaytayotgan Hamid aka Samatov Kattaqo‘rg‘on vokzalida yog‘och uycha ichida sovuqdan yashirinib o‘tirgan bolaga ko‘zi tushadi.
Bolakay unga: "Dyadenka, dayte xleb", — deb yuzlanadi. Hamid aka yo‘l xaltasidagi bir bo‘lak nonini unga beradi. Bolakay nonni yemasdan: "Dyadenka, dayte yeshche", — deydi yana.
Ko‘rinishi juda oriq bolakayga Hamid akaning rahmi keladi va uni o‘zi bilan uyiga olib keladi.
Tong saharda uyga kirib kelgan Hamid akani ota-onasi xursandchilik bilan kutib olishdi. O‘g‘li frontdan qaytib kelganiga albatta xursand bo‘lishdi, lekin uni yosh bola bilan ko‘rib: "Ha bolam, hamma urush qilayotganda, sen uylandingmi?", deb so‘rashadi. Hamid aka: "Yo‘q…", — deb bo‘lgan voqeani aytib beradi. Ular tushunib bosh egishadi.
Kattaqo‘rg‘onlik Hamid aka Samatov ko‘chada qarovsiz qolgan bolani ko‘rsa, chidab tura olmagan — uyiga olib kelavergan. Bir safar uch bolani, yana bir safar kuchugidan ajralishni istamagan bolakayni kuchugi bilan birga uyiga olib kelgan.
Eng qiyin, ocharchilik vaqtlarni Hamid aka shunday eslaydi. "Uyda 13 bolakay, oziq-ovqat qolmagan. Bolalardan ikki nafari ochlikdan o‘lish arafasiga kelib qolgan". O‘shanda, u shinel va etigini olib bozorga chiqadi va ularni to‘rt xalta kepakka almashtirib keladi. Bolalar xursand bo‘ladi.
Lekin ertasi kuni voyenkom uni harbiy kiyimsiz ko‘rib, qattiq koyiydi, "Sen nima, frontovik bo‘la turib, shinel va etigingni sotib ichdingmi? Axir bu sharmandalik-ku" — deya jahl qiladi u.
- Yo‘q, o‘rtoq polkovnik. Men bolalarimga ovqat sotib olish uchun sotdim. "Nechta bolang bor?" - deb savol berilganda Hamid aka "13ta", deb javob beradi. Polkovnik uning so‘zlariga ishonmay, shu kunning o‘zidayoq Hamid akaning uyiga mashinada keladi. Vaziyatni ko‘rib, biron so‘z aytmay Hamid akani quchoqlaydi… Shundan so‘ng uch yil davomida polkovnik Akimov Samad aka oilasiga doimo yordam yuborib turadi. "O‘sha, ocharchilik yillarida bu juda katta yordam bo‘ldi", — deya eslaydi Hamid aka.


















