Toshkentda endi faqat kasallangan daraxtlar kesilishiga ruxsat beriladi. Shahardagi daraxtlarning 60 foizi kasallangan

Toshkent shahri hokimiyatida o‘simliklar dunyosiga beboshlik va xo‘jasizlarcha munosabatda bo‘lishga barham berish maqsadida turli mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda biror hududdagi daraxtni kesish uchun tuman hokimining qarori lozimligi va u qaror ham «O‘zbioinspeksiya» xulosasiga asoslangan bo‘lishi kerakligi qat'iy belgilandi. Bundan tashqari, Toshkent shahri hokimligi axborot tizimida daraxt kesish uchun beriladigan ruxsatnomalarni e'lon qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi ma'lum qilindi.
Toshkent shahri hokimligi matbuot xizmatida ma'lum qilinishicha, bugungi kunda poytaxtda 10 million tupdan ortiq daraxt bor va ularning 0,5 foizigagina kimyoviy ishlov berilgan.
«O‘simliklarni yilda 4 marotaba, har faslga moslab parvarish muhim hisoblanadi. Yig‘ilishda bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish masalasi ham atroflicha muhokama etildi. Buning uchun shahar obodonlashtirish boshqarmasi tizimida daraxtlarni kimyoviy himoyalash tizimini tashkil etish hamda uni malakali mutaxassislar bilan ta'minlash lozimligi qayd etildi.
Soha xodimlarining ma'lum qilishicha, shahardagi daraxtlarning qariyb 60 foizi turli kasalliklarga chalingan. Ularning holatiga zararkunanda hashoratlar ayniqsa salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Shu sababli ularning zararlanganlik darajasini aniqlash muhim hisoblanadi.
Kasallangan daraxtlarni maxsus belgilar bilan ajratish, parvarishlash va holatini yaxshilashning imkoni qolmaganidagina kesishga ruxsat berilishi qayd etildi», deyilgan xabarda.
Shuningdek, shahar ko‘chalarida tirkamalarga ortilgan, yuk mashinasi yoki avtobuslarda ham o‘tin tashilishi kuzatilishi qayd etilgan. Bu boradagi holatni tartibga solish ham yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan. Unga ko‘ra, IIV PPX, «O‘zbioinspeksiya» va tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasining o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish va shu asnoda daraxtlar kesilishini nazorat qilib borish ham muhim ekani belgilandi.
Biroz avvalroq Toshkent shahrining Gulobod dahasida «Obod mahalla» bo‘yicha ishlar doirasida ko‘p qavatli uylar atrofidagi bir necha o‘n yillik mevali daraxtlar kesib ketilgani ma'lum bo‘lgan, bu aholining noroziligini keltirib chiqargandi.
Ko‘p o‘tmasdan, Toshkent shahri hokimi daraxtlarning ayovsiz kesib tashlanishiga uch kun ichida barham berilishini, aybdorlarga choralar ko‘rilishini va'da qildi.
Mavzuga oid

21:29 / 23.03.2025
Tanzaniyada ulkan daraxtlarning yangi turi aniqlandi

18:31 / 20.03.2025
Toshkentda zarang daraxtlari sirli ravishda yo‘q qilindi

17:44 / 06.03.2025
Toshkent shahri hokimligi bir xonadonga 3 qopdan chiqindi limiti qo‘yilgani haqidagi xabarlarni rad etdi

13:07 / 06.03.2025