15:30 / 13.05.2018
17051

Parijdagi terakt ijrochisi Chechenistondan bo‘lgan

Foto: Thibault Camus / AP

Fransiya politsiyasi shanba kuni oqshomida Parij shahri markazida pichoq bilan o‘tkinchilarga hujum qilgan shaxsning shaxsini aniqlagan.

AFP agentligi xabariga ko‘ra, hujum kelib chiqishiga ko‘ra chechenistonlik bo‘lgan 20 yoshli shaxs tomonidan amalga oshirilgandi. Terrorchining yonida hujjatlari bo‘lmagan, ammo tergovchilar uning barmoq izlariga ko‘ra xulosa bergan.

Uning ismi sharifi Xamzat Azimov bo‘lgan, u 2010 yili Fransiya fuqaroligini olgandi. Politsiyachilar gumonlanuvchining oila a'zolarini tergov maqsadida qo‘lga olgan. 

13 may kuniga o‘tar kechasi sodir etilgan hujum oqibatida 29 yoshli erkak halok bo‘lgan, 4 kishi yaralangan, ularning ikki nafari og‘ir ahvolda.

Jinoyatchi yo‘l yoqasidagi restoranlar va barlarga ham kirmoqchi bo‘lgan, ammo ichkariga yashiringan odamlar uni kirgizishmagan. Politsiya avvaliga uni elektroshoker yordamida qo‘lga olmoqchi bo‘lgan, ammo buning iloji bo‘lmagan va u otib tashlangan.

Terakt uchun javobgarlikni IShID terrorchilik tashkiloti o‘z zimmasiga olgan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ushbu hujumni terakt akti deb atadi. Ish Parij politsiyasining aksilterror bo‘linmasi tomonidan tekshirilmoqda.

Top