O‘zbekiston | 07:48 / 14.05.2018
18042
2 daqiqa o‘qiladi

AQShdagi o‘zbekistonliklar Shavkat Mirziyoyevning tashrifiga Nyu-Yorkda radiostansiya ochishmoqda 

NNO Central Asia Foundation’ga asos solgan AQShdagi o‘zbekistonliklar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga rasmiy tashrifi sharafiga Nyu-Yorkda radiostansiya ochishmoqda. Jamg‘armaning prezidenti Ashraf Zokirovning aytishicha, bu radiostansiyani ochishdan ko‘zlangan asosiy maqsad “yangi joyda yashayotgan har bir o‘zbek O‘zbekiston madaniyati va urf-odatlari haqida ma'lumot oladigan foydali axborot manbasini yaratish hamda ularning o‘z ona tili va madaniyatidan begonalashmagan holda  yangi davlatga moslashuvlarida yordam berishdan” iborat.

Ashraf Zokirov
Foto: Uzbekistan Today 

“Tariximiz, madaniyatimiz, chegaralarimiz va urf-odatlarimiz yagona. Biz taqdir taqozosi bilan qayerda bo‘lmaylik, birga bo‘lishimiz va bir-birimizga yordam berishimiz kerak. Asosiy maqsadimiz 200 dan ko‘proq millat yashaydigan Shimoliy Amerikada o‘rta osiyoliklar diasporasini yaratishdan iborat. Bu yangi O‘zbekistonning siyosatiga ham monanddir”, deb aytgan Zokirov Uzbekistan Today nashriga bergan intervyusida.

Ta'kidlash joizki, Central Asia Foundation mediaviy loyihalarni amalga oshirishda tajribaga ega. Misol uchun, jamg‘arma 2017 yildan beri “Sharq ovozi” jurnalini chop etib keladi. Bu nashrda O‘rta Osiyo davlatlarining madaniyati, san'ati va sporti haqida keng ma'lumot beriladi. Jurnalning navbatdagi soni esa Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi yakunlariga bag‘ishlangan bo‘ladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid