O‘zbekiston | 21:12 / 18.05.2018
9495
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryo viloyati hokimi Ukrainaning Sumi viloyati rahbari bilan kelishuvga erishdi 

Joriy yilning 17 may kuni Ukraina Respublikasi Sumi viloyati davlat ma'muriyati va O‘zbekiston Respublikasi Qashqadaryo viloyati ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikka doir 15ta banddan iborat Memorandum imzolandi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati Matbuot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qilmoqda.  

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda iqtisodiy va investitsiya hamkorligi doirasida tomonlar ushbu Memorandumga asosan eksport, import sohasida o‘z imkoniyatlarini ko‘rib chiqib savdo uylarini va kichik sanoat zonalarini ochishga kelishib olishdi. 

Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining tumanlarida Ukraina tomoni bilan turizm, sport, madaniyat, san'at, ta'lim, sog‘liqni saqlash, fan va texnika, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, transport, savdo, ekologiya va tabiiy resurslardan ratsional tarzda foydalanish sohasida sherikchilik asosida ish ko‘rish imkoniyatlarini beruvchi mazkur Memorandum har ikki tomon uchun ham samarali qulayliklarni yaratdi.

Ukraina tomonidan Sumi viloyati davlat ma'muriyati rahbari Nikolay Alekseyevich Klochko va O‘zbekiston tomonidan Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Sharopovich Ro‘ziyev ikki davlat o‘rtasida 1998 yil 19 fevralda imzolangan do‘stlik va har tomonlama aloqalarni mustahkamlash hamda manfaatli hamkorlik haqidagi Shartnoma doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda kelgusida hamkorlikda hayotga tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan ishlar haqida​ fikr bildirib o‘tishdi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid