Jahon | 22:03 / 19.05.2018
12937
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy bahsli hududlarga strategik bombardimonchilarni jo‘natdi

Foto: AP / Ministry of National Defense

Xitoy harbiy-havo kuchlari mashg‘ulotlar doirasida o‘z nazoratida bo‘lgan, Janubiy Xitoy dengizidagi bahsli hududlardagi aerodromga yadroviy qurolni tashiy oluvchi H-6K strategik bombardimonchilarini jo‘natdi. Bu haqda China Daily nashri ma'lum qildi

Pekinda ta'kidlanishicha, bu bahsli Spratli orollarida AQSh va hududiy bahsda ishtirok etayotgan boshqa davlatlar, jumladan Filippin, Vetnam va Malayziyaning e'tirozlariga qaramay qurilgan aerodromning ilk qo‘llanishi bo‘lgan. Samolyotlar aerodromga qo‘nish oldidan dengizdagi mo‘ljallarga zarba berishni mashq qilishgan. Aerodromning aniq joyi va u joylashgan orol nomi xabarda ma'lum qilinmagan.

Pekin bayonotida aytilishicha, strategik bombardimonchilar qo‘llangan holda mashg‘ulotlarning o‘tkazilishi Xitoy harbiy-havo kuchlariga dengizdagi tahdidlarga qarshi kurashdagi jangovar imkoniyatlarini mustahkamlashga yordam beradi.

H-6 bombardimonchilari Rossiyada qurollanishdan 1990-yillar boshida olingan Tu-16 samolyotining nusxasi hisoblanadi. Samolyotning H-6K modifikatsiyasi zamonaviyroq dvigatellar bilan jihozlangan va 6 ta qanotli raketa tashiy oladi.

Mashg‘ulotlar mintaqada keskinlik oshgan bir paytda o‘tkazilgan. Bu keskinlikka Spartli arxipelagi atrofidagi hududiy bahs sabab hisoblanadi. 

Spratli tarkibiga 14 ta orol va 100 dan ko‘proq marjonqoya kiradi. Ularning umumiy  maydoni 200 gektardan kamroqni tashkil qiladi. Biroq bunda arxipelagning strategik joylashuvi va yon-atrofidagi hududlarda katta miqdorda neft va gaz borligi kattaroq ahamiyatga ega.

Mavzuga oid