O‘zbekiston | 00:22 / 19.05.2018
9483
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek bog‘bonlari AKT sohasida ham e'tirof etildi

Italiyadagi “MacFrut Innovation Award-2018” innovatsiyalar ko‘rik-tanlovining Oltin medali sohadagi innovatsiyalarni tatbiq qilishdagi faolligi uchun O‘zbekistondagi “Bog‘dorchilik ilmi” telegram kanaliga berildi.

Har yili Italiyaning Rimini shahrida MacFrut Fruit & Veg Professional Show meva va sabzavot ko‘rgazmasi o‘tkaziladi. U Italiya va Yevropada faoliyat yuritayotgan meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va mutaxassislari uchun an'anaviy tarzda tashkil qilinadigan yetakchi savdo ko‘rgazmasi hisoblanadi. Umumiy maydoni 5 gektarga teng hududda mingdan ortiq ishtirokchilar 40 mingga yaqin tashrif buyuruvchilarga o‘zlarining mahsulotlarini namoyish qilishadi. 

Yaqinda bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmada o‘zbekistonlik meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar, qayta ishlovchi va eksportchi biznes vakillari ham ilk bora ishtirok etishdi. Hamyurtlarimiz Roma’ saroma, Siyob Shavkat Orzu va Gardencells brendlari ostida O‘zbekistonda ho‘l va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlari bilan qatnashib, ko‘rgazma ishtirokchilarining diqqat markazida bo‘lishdi. 
 

Ko‘rgazma doirasida, shuningdek, “MacFrut Innovation Award-2018” innovatsiyalar ko‘rik-tanlovi tashkil etilgan bo‘lib, unda ishtirokchi kompaniyalar ziroatchilik mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va sotishda qanday yangi g‘oya va usullarni, ya'ni innovatsiyalarni tatbiq qilayotganini namoyish qilishlari kerak edi. 

Tanlovga yuzlab yevropalik kompaniyalar ariza topshirdi va ulardan qirqga yaqini sakkizta kategoriyada oltin, kumush va bronza medallariga loyiq ko‘rilib, mukofotlandi. O‘zbekiston delegatsiyasi esa bog‘dorchilik mahsulotlarini ishlab chiqarishda innovatsiyalarni tatbiq qilgani va onlayn platformalardan samarali foydalangani uchun Logistika va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida yuksak mukofot, oltin medalga munosib deb topildi.

O‘zbekistonlik uch nafar kompaniya vakillari bu tanlovda ijtimoiy tarmoqda tuzilgan “Bog‘dorchilik ilmi” guruhi, telegramdagi hamda YouTube’dagi kanallari taqdimoti bilan qatnashdi. O‘zbekistonda “Yaxshidan bog‘ qoladi” shiori ostida e'tibor qozongan ushbu kanalning faoliyati yevropalik ko‘plab mutaxassislarni ham qiziqtirib qo‘ydi. Ular sohaga oid savollarni muhokama qilish va bilimlarni ulashishda “Bog‘dorchilik ilmi” kanali faoliyatidan namuna sifatida foydalanish katta samara berishini ta'kidlab o‘tdi. 

Ushbu xalqaro tanlovga ariza topshirishda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning “Qishloq xo‘jaligida qiymat zanjirini rivojlantirish” (AVC) loyihasi marketing yo‘nalishi mutaxassislari yaqindan yordam berdi.

Mavzuga oid