Saytimizga Toshkent shahri Yunusobod tumani Yunusobod-1 berk ko‘chasi 22-uyda istiqomat qiluvchi aholi vakillari murojaat qilishdi. Mazkur ko‘p qavatli yotoqxonada bir necha yillardan buyon yashovchi fuqarolar yotoqxonaga egalik qiluvchi tashkilot binoni Yunusobod tumani hokimligi tasarrufiga berishga qarshilik qilib kelayotgani, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 iyundagi 413-son qarori talablarini bajarishni asossiz ortga surayotganini ta'kidlashdi.
Biz ushbu masalani o‘rganish maqsadida murojaatchilar yashayotgan yotoqxonaga bordik va fuqarolar bilan uchrashdik. Dastavval hujjatlar bilan tanishamiz. Unga ko‘ra, mazkur bino sobiq O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining “Suvloyiha” birlashmasi hisobidagi ekanini anglaymiz.
Bundan tashqari, sobiq Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 1999 yil 25 may, 2013 yil 2 sentabr hamda 2018 yil 12 martdagi “Suvloyiha” davlat unitar korxonasiga yo‘llagan maktublarida yuqoridagi manzilda joylashgan binoni xususiylashtirish va Yunusobod tuman tasarrufiga o‘tkazishga qarshi emasligi, barcha qonunchilikda belgilangan choralar ko‘rilgan holda yotoqxonani tuman hokimligiga o‘tkazish ko‘rsatilgan.
Ammo, lekin, biroq... Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida davlat uy-joy fondini xususiylashtirish to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qarori 2-bandida «idoraviy hujjat (order) asosida turar joy maqomini olgan yotoqxonalardagi kvartiralarni xususiylashtirishga doir bitimlarni notarial tasdiqlashga hamda Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga, kvartirani sotib olayotgan jismoniy shaxs bo‘lish joyida hisobda turgan taqdirda, 2018 yil 1 iyulgacha istisno tariqasida ruxsat etilsin”, deyilganiga qaramay, “Suvloyiha” DUK vazirlik rozilik bildirgan yotoqxonani xususiylashtirishga shoshilmayapti.

Bu borada ushbu yotoqxonaning yarmida yashab kelayotganlar nima deydi? Shu maqsadda murojaatchilar so‘zlariga quloq tutamiz.
“Bizlarning ayrimlarimiz bu yerda ushbu bino qurilib, foydalanishga topshirilganidan buyon, 40 yillardan beri istiqomat qilib kelamiz. Ota-onalarimiz o‘sha vaqtlarda “Vodproyekt” birlashmasida ishlagani sababli shu yotoqxonadan joy berishgan. 1999 yildan buyon biz yotoqxonaning o‘zimiz yashab kelayotgan xonadonlarni xususiylashtirish bo‘yicha harakat qilib kelamiz. Ammo samara bo‘lmayapti. Barcha sa'y-harakatlarimiz zanjir bo‘lib “Suvloyiha” DUKka kelib to‘xtayapti. Bu tashkilot rahbariyati esa, turli, hatto yotoqxona turarjoy maqomiga ega emas, degan vaj bilan ham xususiylashtirishni ortga surib kelmoqda. Bizga xususiylashtirishga ruxsat berishsin, axir. Davlat rahbariyati ruxsat bergan narsani nima uchun bular paysalga solishadi?”, - deydi Ruzina opa.


















