Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Donald Tramp maxfiy xizmat va Adliya departamentiga qarshi yangi urush boshladi
O‘tgan haftada Washington Post FQB axborot manbasi sifatida ko‘rilayotan amerikalik nafaqadagi professor 2016 yilda Donald Tramp saylovoldi shtabidagi uch nafar maslahatchi bilan uchrashgani haqida yozdi.
Ayni chog‘da AQSh prezidenti mazkur uchrashuvga siyosiy tus berib, FQB sobiq davlat rahbari Barak Obama buyrug‘i bilan josuslik qilganini iddao qilmoqda. O‘tgan uch kun davomida Tramp o‘zining tvitterdagi sahifasi orqali tinmasdan mana shu holat bo‘yicha Federal qidiruv byurosiga qarshi surishtiruv boshlash lozimligini uqtiradi.
Trampning yaqin kishisi, Vakillar palatasi Razvedka qo‘mitasi raisi Devid Nunes ham Adliya departamentidan keksa professorga oid barcha ma'lumotlar taqdim etilishini so‘rayapti. Vaholanki, Adliyadagilar ushbu so‘rovni boshqa vajni ko‘rsatib rad etib qo‘ya qoldi: bu AQShning jahon bo‘ylab o‘rnatgan agenturalariga jiddiy zarba berishi mumkin.
Mantiqan (yoki qonun bo‘yicha) prezident Tramp istagan paytida Adliya departamentining qarorini bekor qilib, so‘ralgan kishi to‘g‘risida ma'lumot berishni talab qilishi mumkin. Shularni ham hisobga olib departament boshqacha qarorga keldi: mazkur tergov boshlanishi oldidan Trampning saylovoldi shtabi vakillari va Rossiya tomoni o‘rtasida siyosiy fitna uyushtirilmagani aniqlashtiriladi.
Agar kimdir unutgan bo‘lsa, prezident atrofida yuz berayotgan tergovlar Trampning saylovoldi shtabi maslahatchisi Papadopolusning London barida avstraliyalik diplomatga ortiqcha gapirib qo‘ygani bilan boshlangandi. 2016 yil may oyida mast holatda Jorj Papadopolusning ruslarda Hillariga nisbatan kuchli kompromati bo‘lgani haqidagi gapi, ikki oy o‘tib Wikileaks'da Hillariga qarshi ishlagan hujjatlarning ommaga e'lon qilinishi... Avstraliyalik diplomat bu ma'lumotlar qayerdan sizib chiqishi mumkinligi haqida shipshitdi va matbuot bu mavzuni chuqurroq «kavlay» boshladi.
Aniqlanishicha, 2016 yil 9 iyun kuni AQShda Crocus Group manfaatlarini himoya qilish bilan shug‘ullanib kelayotgan rossiyalik advokat Nataliya Veselnitskaya Donald Tramp kichkina, saylovdi shtab rahbari Pol Manafort bilan xufyona uchrashgan. Veselnitskayaning Rossiyadagi bir qator amaldorlar, jumladan Bosh prokuror Yuriy Chayka bilan yaxshi aloqalari borligi aniqlangach, amerikaliklarning ko‘pchiligi saylov natijasiga Rossiya ta'sir o‘tkazishga uringaniga ishonib qoldi. Aynan 2016 yil iyulda FQB shov-shuvli tergovni boshladi.