22:56 / 21.05.2018
21869

Navoiy viloyati hokimiyati​ tabiiy ofatdan jabrlangan Surxondaryo​ga insonparvarlik yordami jo‘nat​di

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Navoiy viloyati hokimiyati tomonidan Surxondaryo viloyati, Qumqo‘rg‘on tumanidagi 18 may kuni ko‘p miqdorda yog‘ingarchilik yog‘ishi oqibatida tabiiy ofatdan jabrlanganlarga insonparvarlik yordami jo‘natildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, insonparvarlik yordamining umumiy hajmi qariyb 90 tonnani tashkil etadi. Uning tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari, issiq ko‘rpa-to‘shak, yostiq va birinchi ehtiyoj uchun zarur boshqa tovarlar mavjud. Insonparvarlik yordamini shakllantirish va yetkazish Navoiy Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga yuklatilgan.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Eslatib o‘tamiz, shu kuni soat 17:30 da Namangan viloyatining Kosonsoy tumani “Rovot”, “Guzar”, “Bog‘” “Soybo‘yi”, “Xonqo‘rg‘on”, “Yangishahar”, “Yangiyo‘l”, “Qozoqovul” va “Buloqboshi” mahallalari hududida kuchli jalali yomg‘ir yog‘ishi natijasida 543 ta xovli qisman suv ostida qolgani haqida xabar berildi. Shuningdek, Qashqadaryo viloyati tumanlarida sel yetkazgan talafotlar 5 kishining hayotiga zomin bo‘lgani haqida ham xabar berildi.​​

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanidagi «Elobod», «Azlarsoy» va «Bogor» mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida sel oqimi yuzaga kelgani tufayli 754 kishi evakuatsiya qilingani haqida xabar bergan.​ 

«Kun.uz» muxbirining xabar berishicha, shu kunlarda vaqti-vaqti bilan yog‘ayotgan kuchli yomg‘ir Surxondaryo viloyatining Boysun, Oltinsoy, Denov va Qumqo‘rg‘on tumanlarida ham kuchli sel oqimlarini keltirib chiqargan. Jumladan, sel oqimi tufayli Boysun – Termiz avtomobil yo‘lining bir qismini yuvib ketgan va loyqaga to‘ldirgan. ​

Navoiy viloyati Navbahor tumanida ​ham sel xavfi oshib bormoqda, hozirgacha nobud bo‘lgan mayda va yirik chorva mollarining sonini aniqlashning imkoni yo‘q, biroq chorva mollari soniga yetkazilgan talafot yirik miqdorda, ​deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan mahalliy aholi vakillaridan biri.

Top