Light | 11:27 / 23.05.2018
22169
3 daqiqa o‘qiladi

Bill Geyts shu yozda o‘qib chiqish uchun beshta kitobni tavsiya qildi

Foto: Gates Notes

Microsoft asoschisi Bill Geyts kelayotgan yozda o‘qib chiqish uchun beshta kitobdan iborat ro‘yxatni e'lon qildi. Uning tavsiyasiga ko‘ra, ushbu kitoblarni albatta o‘qib ko‘rish kerak. Geytsning o‘z blogida ta'kidlashicha, kitoblar ancha kichik bo‘lib, ularni o‘qish oson bo‘ladi.

"So‘nggi vaqtlarda men ajoyib kitoblarni o‘qib chiqdim. Bu ro‘yxatni tuzayotganimda, ulardan ba'zilari insonni nima daho qilishi, yaxshi odamlar bilan nega yomon narsalar yuz berishi, insoniyat qayerdan kelib chiqqani va biz qayerga qarab ketayotganimiz, kabi jiddiy masalalarda ekanini tushunib yetdim", - deya yozgan u blogida.

Geyts Uolter Ayzeksonning Leonardo da Vinci ("Leonardo da Vinchi") kitobini o‘qishga tavsiya etgan. Milliarderning so‘zlariga ko‘ra, muallif rassom hayotidan turli faktlarni yig‘gan va uning fenomenini tushuntirishga urinib ko‘rgan.

Shuningdek, tadbirkor Keyt Boulerning Everything Happens for a Reason and Other Lies I’ve Loved ("Hamma narsaga sabab bor, hamda menga yoqadigan boshqa yolg‘on") kitobini maslahat berdi. Yozuvchi bu kitobni o‘zida saratonning eng so‘nggi bosqichini topishgach yozgan. Natijada, uning so‘zlariga ko‘ra, qalbni titroqqa soladigan va juda kulgili roman chiqqan.

Geyts ro‘yxatga Jorj Sandersning Lincoln in the Bardo ("Linkoln bardoda") kitobini kiritdi. "Men Avraam Linkoln haqida barcha narsani bilaman, deb o‘ylardim, biroq bu roman uning hayoti ba'zi davrlarini qayta ko‘rib chiqishga majburladi... Men Linkoln qayg‘u va mas'uliyat tufayli qanchalik og‘ir ahvolda bo‘lganini his etdim", - deya yozgan tadbirkor.

Bundan tashqari, milliarder Devid Kristianning Origin Story: A Big History of Everything ("Barchasining katta tarixi") kitobini tavsiya qildi. Asarda katta portlashdan boshlab barcha narsa haqida hikoya qilinadi. "Kitob sizga insoniyatning Koinotdagi o‘rni haqida tushuncha beradi", - deya ta'kidlab o‘tgan Geyts.

Ro‘yxatning so‘nggi o‘rnidan Gans Rosling, Oli Rosling va Anna Rosling Ronnlundning Factfulness kitobi joy oldi. Xalqaro sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha professor Gans Rosling dunyo haqida oddiy haqiqatlarni tushuntirib beradi – hayot qanday qilib yaxshi bo‘ladi va qaysi sohalar olamini takomillashtirish zarur. 

Mavzuga oid