Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMTning barcha maxsus ma'ruzachilari O‘zbekistonga taklif etiladi
Har yili bir nafardan BMT maxsus ma'ruzachisi O‘zbekistonga taklif qilinadi. Bu yil sudyalar mustaqilligi bo‘yicha maxsus ma'ruzachi mamlakatga kelishi kutilmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov 23 may kuni shunday bayonot berdi.
"BMT maxsus ma'ruzachilarini taklif qilishga doir juda ko‘p so‘rovlar bo‘ldi, biroq O‘zbekiston hukumati joriy yilda sudyalar erkinligi bo‘yicha ma'ruzachini taklif qilishga qaror qildi", - dedi Saidov Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan brifingda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 12 nafar maxsus ma'ruzachi O‘zbekistonga tashrif buyurish uchun so‘rov yuborgan.
"Biz ularga shunday dedik: step by step (tahr. - bosqichma-bosqich). O‘tgan safar diniy erkinlik masalalari bo‘yicha maxsus ma'ruzachi Ahmad Shohidni taklif qilgandik. Bu yil yana bir ma'ruzachi va h.k. Bundan keyin ham ishonchli va konstruktiv yondashuvga asosan ishlaymiz", - dedi Saidov.
Ahmad Shohid O‘zbekistonga 2017 yilning oktabrida kelgan edi. U 10 kun davomida bir necha viloyatda bo‘lib, qator vazirlar va prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar olib borgan.
Shahid BMTning Nyu-Yorkdagi shtabida O‘zbekistonga tashrifiga doir hisobot berar ekan, shunday degan: "Prezident tomonidan va'da qilingan islohotlar ishonchga loyiq deyish uchun barcha asoslar bor. U o‘z irodasini namoyish qilish yo‘lida ko‘p ishlarni amalga oshirdi, chunki mamlakatda o‘zgarishlar uchun jiddiy salohiyat mavjud".