O‘zbekiston | 15:59 / 23.05.2018
9674
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar Jyenevada qiziqish uyg‘otdi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot  xizmati

Avval xabar berganimizdek, shu yilning 21 mayidan o‘z ishini boshlagan Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 71-sessiyasi qizg‘in pallaga kirdi. Jyenevada o‘tayotgan ushbu tadbirda JSSTga a'zo 194 ta davlatlar qatorida sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda, deb xabar berdi Kun.uz’ga Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati. 

Har yili Jyenevada o‘tkaziluvchi Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining sessiyasida JSSTga a'zo davlatlar vakillari ishtirok etib, sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha kuzatilayotgan global muammolar va ularning yechimlari borasida muhokamalar o‘tkazadi. Bu yilgi sessiyada atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarining salomatlikka salbiy ta'siri va unga qarshi kurashish bo‘yicha yo‘l xaritasi, dori-darmon va vaksina ta'minoti, noinfeksion kasalliklar profilaktikasi, ayollar, bolalar va o‘smirlar salomatligini muhofaza qilish kabi masalalar bo‘yicha ma'ruzalar  qilinmoqda.  

Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi 71-sessiyasida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ma'ruza qildi. U o‘z chiqishida prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar, tizimni rivojlantirish dasturi va unda belgilangan asosiy vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.  

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

— So‘nggi ikki yil ichida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida aholining barcha qatlamiga, ayniqsa, uzoq qishloq aholisiga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar bugun davlat siyosatining bosh maqsadiga aylangan, — dedi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov. — Shu maqsadda 100dan ortiq huquqiy-normativ hujjatlar qabul qilindi. Ularda sohaning barcha yo‘nalishlarini kompleks rivojlantirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar qamrab olingan. Hozirda O‘zbekiston belgilangan vazifalar ijrosi doirasida qator ijobiy natijalarga erishdi. Bunga misol qilib, 1283 ta tez tibbiy yordam avtotransport vositalari xarid qilingani, natijada, chaqiriq tushgach, tez yordam xizmatining yetib borish vaqti 20-30 daqiqadan 10-15 daqiqagacha, xizmat radiusi esa  5-12 kilometrgacha qisqarganini aytish mumkin. Qolaversa, 2017 yilda O‘zbekistonga 311 nafar xorijlik mutaxassislar taklif qilindi. Ular bilan hamkorlikda 800 dan ortiq murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. 290 nafardan ortiq mamlakatimiz mutaxassislari esa dunyoning yetakchi klinikalarida malaka oshirib keldi. O‘zbekiston tibbiyotidagi eng katta yangiliklardan biri sifatida transplantatsiya amaliyotining yo‘lga qo‘yilganini aytmoqchiman. Xorijlik mutaxassislar bilan hamkorlikda buyrak, jigar va o‘zak hujayra transplantatsiyasi bajarilmoqda. 

Shundan so‘ng A.Shodmonov mamlakatda xususiy sektorni rivojlantirish, immunoprofilaktika sohasidagi natijalar bilan tanishtirdi. Darhaqiqat, bugun mamlakat tibbiyotida xususiy sektor ulushi ortib bormoqda. Bunda davlatimiz rahbarining xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish, ularga qo‘shimcha shart-sharoit va imtiyozlar berish bo‘yicha qabul qilingan qarorlari huquqiy asos bo‘lmoqda.  

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish bo‘yicha qaroridan so‘ng O‘zbekistondagi xususiy klinikalar soni so‘nggi yilda 3040 tadan 4073 ta oshdi. Mamlakatimiz tibbiyoti tarixida birinchi marta xususiy klinikalarga deyarli barcha yo‘nalishlarda, xususan, abdominal jarrohlik, torakal jarrohlik, neyroxirurgiya, onkologiya, travmatologiya va bolalar jarrohligi bo‘yicha litsenziya berishga ruxsat etildi — dedi A.Shodmonov. — Milliy emlash kalendari bo‘yicha mamlakatimizda bolalar 12 ta boshqariladigan infeksiyaga qarshi davlat hisobidan profilaktik emlanadi. Yuqumli kasalliklarga qarshi emlash uchun sarflanadigan mablag‘lar to‘liq davlat byudjyeti hisobidan qoplanib, emlash qamrovi 99,5 foizga yetkazildi. Natijada 2017 yil Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti tomonidan O‘zbekiston qizamiq va qizilcha kasalliklaridan xoli hudud deb e'tirof etildi. 

Shuningdek, vazir o‘z ma'ruzasi davomida 2019-2020 yillarda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi va unda belgilangan vazifalar bilan tanishtirdi.

— Ushbu natijalar biz ko‘zlagan marraning boshlanishi. Kelajakda tibbiy xizmat boshqaruvini optimallashtirish, infrastrukturani yaxshilash, tibbiy xizmat normativlari va standartlarini ishlab chiqish, dori-darmon ta'minotini yaxshilash, davlat va xususiy sektor hamkorligini rivojlantirish va sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini jadal tatbiq etish bo‘yicha aniq reja va dasturlar ishlab chiqilgan. 
 
Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 71-sessiyasi shu yilning 26 mayigacha davom etadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid