01:48 / 24.05.2018
11569

Sud zalida yosh yigit uchun shartli xukm o‘qildi

2018 yil 23 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Sirg‘ali tuman sudida Farrux Musayevga  nisbatan jinoyat ishi ko‘rildi. Sudlanuvchi Toshkent turizm kollejining 2-bosqichida tahsil oladi. U 2018 yil 4 mart kuni o‘zganing mol-mulkini bosqinchilik yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatiga qo‘l urdi.

O‘sha kuni Musayev mast holatda Toshkent shahar Sirg‘ali tumani, Do‘stlik-2 mavzesida fuqaro F.Zairovni o‘tkir tig‘li pichoq bilan qo‘rqitib, telefon va pullarini chiqarishni talab qiladi. Ammo Farruh Musayev rejasini amalga oshirishga ulgurmadi. Voqea joyida paydo bo‘lgan huquq posbonlari uni qo‘lga tushirishdi.  Mazkur jinoyat ustidan tegishli tergov harakatlari olib borildi.

Sud F.Musayevni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi “a” bandi (Bosqinchilik, a) qurol yoki qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan boshqa narsalarni ishlatib) bilan 8 (sakkiz) yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Shuningdek, JKning 72-moddasini (Shartli hukm qilish) qo‘llab, tayinlangan jazo shartli hisoblanib, 3 (uch) yil muddatga sinov muddati belgilandi.

Sinov muddati mobaynida F.Musayevga quyidagi shartlar belgilandi:

  • yashash va ish joyi o‘zgarib qolsa, bu haqda uning ustidan nazorat olib boruvchi organga habar berishi;
  • vaqti-vaqti bilan bu organlarga kelib, ro‘yxatdan o‘tib turishi;
  • muayyan joylarda ya'ni kafe, barlarda bo‘lmaslik;
  • spirtli ichimliklar iste'mol qilmaslik;
  • soat 21:00 dan 07:00ga qadar yashash joyini tark etmaslik majburiyatlari yuklatildi.
    Jazo ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar IIB zimmasiga yuklatildi.
    F.Musayevga nisbatan ko‘llanilgan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi “munosib xulq atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” ehtiyot chorasiga o‘zgartirilib, sud zalidan darhol ozod qilindi.

Hukmdan norozi taraflarga hukm e'lon qilinganidan keyin 10 kun ichida apellyatsiya berishi, 10 kundan keyin esa kassatsiya tartibida shikoyat yoki protest keltirishlari mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Top