Sport | 21:59 / 27.05.2018
31427
4 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyada Ronalduning ketmoqchiligi sababini ma'lum qilishdi

Foto: Reuters

«Real» hujumchisi Krishtianu Ronaldu madridliklar rahbariyati tomonidan o‘ziga berilgan yangi shartnoma shartlaridan qoniqish hosil qilmagan. Bu haqda AS xabar tarqatmoqda.

Nashr ma'lumotiga ko‘ra, klub prezidenti Florentino Peres portugaliyalik futbolchiga o‘tgan mavsumda YeChL finalida «Yuventus» ustidan qozonilgan 4:1 hisobidagi g‘alabadan keyin shartnomani yangilashni va'da qilgandi. 2017 yil dekabrida, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati vaqtida muzokaralar boshlandi. «Real» futbolchiga yangi shartnomaga ko‘ra yiliga 9 million yevro qo‘shib bergan, ammo buning evaziga ma'lum bir shartlar qo‘yilgan, futbolchi jamoa bilan sovrinlar yutishi, «Oltin to‘p» mukofotini va boshqa shaxsiy sovrinlarni qo‘lga kiritishi, shular jumlasidan. Krishtianu esa bu shartnomani rad qilgan va klub rahbariyatini o‘ziga hurmatsizlik qildi, deb hisoblagan.

Shundan so‘ng, o‘zaro munosabatlar sovuqlashib borgan. Buning ustiga, «Real» prezidenti portugaliyalik futbolchi o‘zining beshinchi «Oltin to‘p»ini olgan kechada braziliyalik futbolchi Neymar sha'niga maqtovli so‘zlar aytganidan jahli chiqqan.

Ronalduga taklif etilgan shartnomaga ko‘ra, futbolchining yillik maoshi 30-33 million yevroga yetishi mumkin edi (haftasiga 350 ming yevro). Ammo bu vaqtda «Barselona» futbolchisi Lionel Messi haftasiga 750 ming (yiliga 50 million yevroga yaqin), «PSJ» hujumchisi Neymar esa haftasiga 600 ming yevro ishlashi (yiliga 37 million yevro), Ronalduning hasadini keltirgan.

Oxirgi oylardagi bu voqealar Krishtianu Chempionlar ligasi finalida «Liverpul»ga qarshi kechgan va 3:1 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlangan uchrashuvdan keyin klubdan ketish haqida aytishiga olib kelgan.

Final hushtagi yangrashi bilan bergan ilk intervyusida Ronaldu tez orada «Real»dan ketishi mumkinligiga ishora qildi: «Kelajagim haqida keyinroq aytaman. Men «Real»da yaxshi vaqtlar o‘tkazdim, aniq qarorimni yaqin kunlarda ma'lum qilaman».
 
U shuningdek, klub prezidentiga ham murojaat qilgan: «Gap pulda emas. Men 5 marta YeChL g‘olibi bo‘ldim, 5 marta «Oltin to‘p» qo‘lga kiritdim, nomimni tarixga muhrlab qo‘yganman. Yashirmayman, keyingi mavsumda ham «Real»da bo‘lishim aniq emas. Anig‘ini shu haftada e'lon qilaman, barchasini aytaman. Florentino, hayot bu quruq maqtovga burkanib yashash emasku, to‘g‘rimi?».

Ronaldu «Real» safida 2009 yildan buyon to‘p surib kelmoqda. U bu klubga «Manchester Yunayted»dan 93,4 million yevro evaziga transfer qilingan va o‘sha vaqtda dunyodagi eng qimmatbaho futbolchiga aylangan. «Real» safida u 4 marta Chempionlar Ligasi g‘olibi bo‘ldi, ikki martadan Ispaniya chempionatida va Ispaniya Kubogida g‘olib chiqdi, 3 marta klublar o‘rtasida jahon chempionati sovrinini boshi uzra ko‘tardi. U «MYu» safida ham 3 marta Angliya chempioni bo‘lgan va bir marta YeChLda, bir marta Angliya Kubogida va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqqan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid