O‘zbekiston | 23:43 / 28.05.2018
7257
3 daqiqa o‘qiladi

Chet davlatlarda ishga joylovchi xususiy kadrlar agentliklari ishga tushishi kutilmoqda

Foto: Pixabay

Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellarda ishga joylashish tizimini takomillashtirish va tubdan qayta isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaror loyihasi taqdim etildi. Loyihada "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini chet mamlakatlarda ish bilan ta'minlash faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida"gi nizomi ilova qilingan. 

Loyihaga muvofiq, O‘zbekistondagi yuridik shaxslar ham fuqarolarimizni xorijda ishga joylashga doir xizmatlarni ko‘rsatish va ko‘mak berish bilan shug‘ullanishlari mumkin. Faqat buning uchun O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan beriluvchi litsenziyaga ega bo‘lish talab etiladi.

Kadrlar agentligini ochish uchun quyidagi qoidalarga amal qilish kerak:
- kamida bir nafar oliy yuridik ma'lumotga ega mutaxassisga ega bo‘lish;
- davlat tili, rus tili, ingliz tili va/yoki boshqa xorijiy tillarda erkin so‘zlashuvchi kamida bir xodimga ega bo‘lish;
- ro‘yxatga olish vaqtida O‘zbekiston Respublikasi minimal ish haqining kamida 5000 baravari hajmida ustav fondini shakllantirish;
- xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash va manfaatlarini himoyalash fondiga 50 ming AQSh dollari hajmida zaxira kiritish;
- ish haqi ta'minoti normalari va yashash uchun munosib shart-sharoitlar yaratish me'yorlariga rioya qilish, shuningdek ishchi migrantlarga ishga joylashayotgan mamlakatda rasman belgilangan eng kam ish haqidan kam bo‘lmagan darajadagi ish bilan ta'minlash.

Kadrlar agentligi shuningdek mehnat migrantlarining dastlabki o‘quv-tayyorgarlik, adaptatsion kurslardan o‘tishini ham tashkillashtirish majburiyatini oladi.

Lisenziya berish, rasmiylashtirish, qayta rasmiylashtirish, to‘xtatish, bekor qilish bilan ishchi organ shug‘ullanadi. 

Lisenziyalar uchun minimal ish haqining uch baravari miqdoridagi yig‘im amalga oshiriladi.

Fuqarolarning chet elda ishga joylashishiga doir litsenziya 5 yillik muddatga beriladi.

Lisenziya beruvchi organ - Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, ishchi organ esa - Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hisoblanadi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid