Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun undiriladigan yig‘im qancha?
Respublika hududida 2017 yil 1 oktabrdan boshlab o‘rnatilgan tartibda milliy haydovchilik guvohnomasining yangi namunalari berilishi yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabariga ko‘ra, ushbu jarayonni tez va fuqarolar uchun qulay tarzda amalga oshirish maqsadida tizimga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilmoqda. Yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi 10 yil muddatga beriladi. Haydovchi undan foydalanganidan so‘ng har o‘n yilda almashtirib turishi kerak. Chunki o‘n yilda insonning tashqi ko‘rinishi o‘zgaradi. Bu esa uning hujjatlarini tekshirish jarayonida turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Amaldagi milliy haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtirish muddatlari ham belgilab berilgan. Unga ko‘ra, 2017 yil 1 oktabrdan boshlab 2020 yilning 31 dekabr kuniga qadar eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari yangisiga, ularning berilgan sanasidan qat'i nazar egasining yozma arizasiga ko‘ra ixtiyoriy ravishda almashtirib beriladi. Shundan keyin, ya'ni 2021 yil 1 yanvardan boshlab eski namunadagi barcha haydovchilik guvohnomalari haqiqiy emas, deb topiladi va bu haydovchilik guvohnomalari bilan avtomototransport vositalarini boshqarish, haydovchilik guvohnomasisiz avtomototransport vositalarini boshqarish bo‘lib hisoblanadi.
Ushbu yangi hujjat 2017 yil 1 oktabr kunidan boshlab haydovchilar tayyorlash kurslarini tamomlaganlarga nazariy va amaliy imtihonlardan o‘tganlaridan so‘ng berila boshlandi. Shuningdek, biror-bir sabab bilan eskirgan, yaroqsiz holga kelib qolgan haydovchilik guvohnomasi va uning taloni yangisiga hududiy yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalarining ro‘yxatga olish va imtihon bo‘limlarida almashtirib beriladi. Eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti ishlab chiqildi.
Ushbu reglament jismoniy shaxslarga haydovchilik guvohnomasini yangi namunasiga almashtirish tartibini belgilaydi. Bu xizmat shu yilning 4 aprel kunidan Toshkent shahrining Mirobod tumanida, 3 may kunidan boshlab Namangan shahrida o‘z faoliyatini boshlagan edi. 14 may kunidan esa Toshkent shahrining Yunusobod va Uchtepa tumanlaridagi Yagona Davlat xizmatlari markazlarida haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish boshlandi. Shuningdek, bu xizmat yaqin kunlarda Qo‘qon shahrida ham ishga tushiriladi. Bosqichma-bosqich respublikamizning boshqa hududlarida ham bu kabi xizmatlarni yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun fuqarolar doimiy yashash joyidagi hududiy davlat xizmatlarini ko‘rsatish markazlariga haydovchilik guvohnomasi va uning taloni hamda fuqarolik pasportining nusxasini taqdim etadi. Bu yerda tegishli ariza namunasini to‘ldiradi. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish markazlari shu hududda doimiy ro‘yxatda turuvchi fuqarolarga haydovchilik guvohnomasini almashtirish xizmatlarini ko‘rsatadi. Davlat xizmatlari markazlari, hududiy YHXB ro‘yxatlash imtihon olish bo‘limlari bilan elektron bog‘langan holda fuqarolarning haydovchilik guvohnomalari to‘g‘risidagi ma'lumotlardan foydalanadi.
Ariza beruvchilar haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasiga almashtirish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etadi yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YaIDXP) davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi. O‘zi kelib murojaat etgan taqdirda Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YaIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa ariza beruvchi mustaqil ravishda so‘rovnomani elektron tarzda to‘ldiradi. Haydovchilik guvohnomasi va uning talonini yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasiga almashtirish uchun eng kam oylik ish haqining 70 foizi miqdorida yig‘im undiriladi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati.
Mavzuga oid
09:15 / 17.04.2026
Qozog‘iston endi qozoq tilini yaxshi bilmaydiganlarga doimiy yashash guvohnomasini bermaydi
14:26 / 20.09.2025
XDP moped va skuterlar uchun guvohnomalarni kechiktirishga chaqirdi
10:20 / 26.08.2025
Dori ishlab chiqarish bo‘yicha guvohnomalar amal qilish muddati 5 yil etib belgilanadi
11:15 / 19.04.2025