08:19 / 29.05.2018
5268

Rossiya tergov qo‘mitasi boshlig‘i Instagram’ni bloklashga chaqirdi

Foto: Gleb SHCHelkunov / Kommersant'

Rossiya tergov qo‘mitasi boshlig‘i Aleksandr Bastrikin “Instagram’ni yopish kerakligini” aytgan. Uning aytishicha, “Peterburgdagi terakt” go‘yoki ushbu ijtimoiy tarmoq yordamida amalga oshirilgan. 

Bastrikin bolalar huquqlari bo‘yicha vakillar qurultoyida Rossiyaga qarshi axborot urushi ketayotgani, shu sababli xorij tajribasini qo‘llash zarurligini aytgan. “Turkiyada Yandex, Google o‘rniga bolalar bilan ishlash bo‘yicha o‘z axborot tizimi mavjud. Biz Instagram’ni ham yopa olmaymiz. Vaholanki, Instagram’ni yopish kerak, chunki o‘tgan yil Leningraddagi terakt u yordamida amalga oshirilgan”, deb aytgan Bastrikin.

Bastrikin o‘z nutqida Instagram’ni Telegram messenjeri bilan yanglishtirib qo‘ygani ehtimoli mavjud. Instagram vakillari hozircha bunga izoh berishmagan.

Avvalroq tergov qo‘mitasi o‘z hisobotida Telegramֺ'ni yopish kerakligini, chunki terrorchilar 2017 yil bahorida Peterburg metrosidagi portlashlarni aynan u orqali muvofiqlashtirishganini keltirib o‘tgan.

Rossiya kuch tuzilmalarining fikricha, terrorchilar Peterburg metrosidagi portlashlarda aynan Telegram’dan foydalanishgan. 

Top