O‘zbekiston | 00:03 / 29.05.2018
32657
3 daqiqa o‘qiladi

Sud tadbirkor tomonda: Farg‘ona shahar hokimligining yig‘ilish bayonlari bekor qilindi​

Farg‘ona shahar hokimligi tomonidan yaratilayotgan sun'iy to‘siqlar tufayli kasodga uchrayotgan «Qirguli kommunal servis» MChJ rahbari D.Abdullayevning arizasini sud to‘liq qanoatlantirdi. Bu haqda jamiyat rasmiy vakili Kun.uz'ga ma'lum qildi. 

Bundan avvalroq, Abdullayev boshchiligida​ uch yildan beri muvaffaqiyat bilan faoliyat olib borayotgan jamiyat Farg‘ona shahri va uning atrofida yashovchi aholiga kommunal xizmat ko‘rsatib kelishi haqida yozilgandi. Ya'ni, «Qirguli kommunal servis» MChJ maishiy chiqindilarni yig‘ishtirib olish, saralash va qayta ishlash bilan shug‘ullandi.

Hokimlik qarori bilan zamonaviy talab va standartlarga mos ishni yo‘lga solgan tadbirkor endilikda umumiy qiymati 1,1 mlrd. so‘mni tashkil etuvchi to‘rt bosqichli loyihani amalga oshirish uchun mahalliy banklardan biriga murojaat qilgandi.

Ammo, 4 yil davomida belgilangan majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarib, doimiy ravishda tozalash texnikalarini takomillashtirib, o‘ziga biriktirib berilgan hududlarda tozalash tadbirlarini o‘tkazib kelgan MChJ manfaatiga zid ravishda 2017 yil 18 fevralda, shu yili 15 sentabrda Farg‘ona shahar hokimligining bayonnomalari e'lon qilindi.

Unga ko‘ra, hech qanday asossiz «Qirguli kommunal servis» MChJga biriktirilgan mahallalar soni 16tadan 7taga kamaytirildi, mazkur mahallalar o‘z balansida tozalash texnikasiga ega bo‘lmagan «Vodiy logistik» MChJ, «Yuksalish tozalash sanitar servis» MChJga biriktirildi. Yig‘ilish bayonlari esa Farg‘ona shahar hokimining o‘rinbosari Karimberdiyev va Rahimjonov tomonidan qabul qilinib imzolangan, ya'ni Farg‘ona shahar hokimining qarori hokim o‘rinbosarlari tomonidan o‘zgartirilgandi.

Ushbu ishni atroflicha o‘rganib chiqqan Farg‘ona shahar ma'muriy sudining raisi S.Qurbonov arizachining shikoyatini qanoatlantirib, har ikkala bayonlarni ham bekor qilish haqida hal qiluv qarorini chiqardi.  

Adolat va haqiqat tamoyili mana shunday lahzada juda qadrli bo‘ladi. Ya'ni, davlat idora va tashkilotlari vakillari yo‘l qo‘ygan kamchilikni sud hokimiyati o‘z vaqtida payqab, unga tegishli chora ko‘rishi jamiyatda adolatni o‘rnatadi. Eng muhimi, tadbirkorning ertangi kunga ishonchi ortadi, uning yanada ko‘proq izlanishga g‘ayrati oshadi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid