1980-yillar oxiri... “Bolam, tur o‘rningdan”, - dedi onam. - “Tezda do‘konga borib, navbatni olgin. Hozir non keladi va tezda tugab qoladi. Ba'zi bir qo‘shnilarimiz soat oltida chiqib, navbat olishgan. Hozir bormasang, kech qolasan. Men ortingdan chiqaman”.

2018 yil. “Bolam, ishdan chiqib, mahalla fuqarolar yig‘iniga bir o‘tib kel”, - dedi onam.  – “Hajga qachon ketarkinmiz, navbatimiz keldimikin? Mana, navbatga turganimizga ham 2 yil bo‘lib qoldi, kuchdan ham qolyapman, oyog‘im og‘riydi. Bir navbatni tekshirib kel-chi”.

Oradan sal kam 30 yil o‘tdi. Haliyam onam navbat muammosi bilan yuribdi. Unda nonga navbatga turardik, endi esa Hajga. Sochiga oq, yuziga ajin tushgan bechora onam. Nima qilayki, sizni Hajga jo‘natsam. Meni kiyintirdingiz, yedirdingiz, o‘qitdingiz, uylantirdingiz, hattoki, hozir ham bir kunda 2-3 marotaba qo‘ng‘iroq qilib turasiz. Men esa sizni Hajga jo‘nata olmayman.

O‘tgan yili do‘stim bir voqeani aytib berdi. Allohning taqdiri bilan 2 yil oldin tanishining onasi vafot etibdi.

O‘sha kuni uyiga bordik. Janoza ham o‘tdi. Tanishim bir yig‘laydi, bir yig‘laydi. Shu orada uning bir gapi miyamda muhrlanib qoldi. U onasini Hajga jo‘natmoqchi bo‘lgan ekan. Navbat kelmay, mana vafot etibdi. Uning rahmatli onasi hattoki pensiyani ham Hajga deb yig‘ib yurgan ekan. Bechora, armoni ichida qoldi, deb voqeani aytib berdi do‘stim.

Nahotki, shu darajaga yetib keldik?! To‘g‘risini aytganda, bu bittagina voqea emas, chunki bunday holatlar Vatanimizning ko‘plab joylarida uchrab turadi. Qanchadan qancha odamlar ota-onasini Hajga jo‘nata olmay, armon qilib o‘tirishibdi. Buning hisobi bormi?

Navbat haqida gapirar ekanmiz, bu muammo sifat va xavfsizlik masalasi bilan bog‘liq ekan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Jasur Akramovning ta'kidlashicha, «O‘zbekistonda Haj ibodatiga boruvchilar uchun kvotalar ko‘paymoqda, ammo sifat va xavfsizlik masalasini o‘ylash kerak».

Qo‘mita raisining aytishicha, ibodat qiluvchilarga tibbiy yordam ko‘rsatish, ularga yuqori sifat talablariga mos ravishda xizmat qilish - Haj ibodati bekamu-ko‘st amalga oshirilishida yordam beradi.

«Kvotani 20 ming kishi uchun oshirish mumkin, ammo ibodatni durust bajarish uchun o‘ziga yarasha amallar bor, Islomda Hajga qadar farz qilingan ibodatlarni ham bajarish lozim», dedi rais Xalqaro press-klub sessiyastida.