Joriy yilgi davlat dasturida poliklinikalarda navbat to‘liq elektronga o‘tkazilishi belgilangan. Vazirlik bunga qanchalik ulgura oladi? Bu haqda Shayxontohur tumani 41-oilaviy shifoxonasi bosh shifokori Dildora Mirxoliqova gapirib berdi.

2025 yilga mo‘ljallangan davlat dasturiga muvofiq tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini bosqichma-bosqich transformatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Bunga Sog‘liqni saqlash vazirligi ulguradimi, respublikada tizimni to‘liq ishga tushirish qanday ketyapti? Kun.uz shu savollarga javob olish uchun Toshkent shahri Shayxontohur tumani 41-oilaviy shifoxonasi bosh shifokori Dildora Mirxoliqova bilan suhbatlashdi.

Shifokorga ko‘ra, Toshkent shahrida poliklinikalarni elektron tizimga o‘tkazish 2024 yildan boshlangan. Bu bosqichga o‘tishdan oldin har bir oilaviy poliklinikada elektron tizimga tayyorgarlik ko‘rilgan. Bunda dastlab aholining tibbiy elektron ro‘yxati ishlab chiqilgan.

“Oilaviy poliklinikalardagi har bir shifokor, hamshiralar kompyuterlar bilan ta’minlandi. Shifokor oldi ko‘rik xonalari tashkil etildi. Aholi elektron navbat olishi uchun sharoitlar yaratildi”, – deydi Mirxoliqova.

Elektron navbatni 5 xil usulda olish mumkin. Birinchisi poliklinikalarda o‘rnatilgan infokiosklar orqali. Bunda bemor o‘z JShShIRini kiritish orqali navbat oladi.

Ikkinchi usuli poliklinikalarda aholini yuzidan taniydigan Face ID kameralari orqali ham navbat olish mumkin.

Uchinchisi poliklinikadagi mobil qizlar. Har bir oilaviy poliklinikada 3-4 nafardan mobil qiz xizmat ko‘rsatadi. Ular ilk marta kelayotgan bemorni ro‘yxatga oladi va shu orqali ham navbat talonlari olsa bo‘ladi.

To‘rtinchisi uyda turib, mygov.uz orqali ham navbat olish mumkin.

Beshinchi esa Dmed dasturi. Shu dastur ilovasini yuklab olib, unga aholi o‘zining JShShIRini kiritishi va bu orqali o‘zi ro‘yxatga olingan poliklinika shifokori navbatiga yozilishi mumkin.

“Bunda har bir oilaviy poliklinikada bizning IT hamshiralarimiz bor. Ular uyda turib navbatga yozilishni aholiga o‘rgatishadi. Aholi o‘zining raqami, soati bilan kelsa, shifokori qabuliga kira oladi. Oldin shifokor eshigi tagida navbat kutib, qolib ketish holatlari bo‘lardi. Hozir bunaqa muammolar yo‘q bo‘ldi”, – dedi bosh shifokor.