10:24 / 30.05.2018
9504

Toshkentda AKTni rivojlantirish markazi tashkil etildi

Foto: pixabay

Prezidentning 2018 yil 19 fevraldagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5349-sonli farmoni, 2018 yil 19 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3549-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Toshkent shahar hokimligi tomonidan 2018 yil 18 may kuni “Toshkent shahar “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat unitar korxonasini qayta tashkil etish to‘g‘risida”gi 783-sonli qarori qabul qilindi. Bu haqda poytaxt hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Kompyuterlashtirish markazi” DUK qayta tashkil etilib, unga “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” DUK maqomi berildi.

Toshkent shahar “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi”ning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

Toshkent shahar va tuman hokimliklarida ishlarni rejalashtirish, tahlil va nazorat qilish, qabul qilinayotgan qarorlarning samarali amalga oshirilishini monitoring qilish, hisobotlarni elektron shakllantirishni o‘z ichiga olgan “elektron hokimiyat” kompleks axborot tizimini joriy etish;

Toshkent shahar va tuman hokimliklarining axborot tizimlari, resurslari va ma'lumotlar bazalarini rivojlantirish, ularni boshqa davlat organlarining tizimlari bilan integratsiya qilish;

Toshkent shahar va tuman hokimliklarining axborotlashtirish obektlarida axborot xavfsizligiga tahdidlarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga qarshi kurashish, axborot xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan nazorat va monitoringni amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy-texnik choralarni amalga oshirish;

Toshkent shahridagi shahar va tuman hokimliklari o‘rtasida o‘zaro elektron axborot almashinuvini tashkil etish;

Toshkent shahridagi shahar va tuman hokimliklari, bosh boshqarma, boshqarma, korxona va tashkilotlarga hamda ularning hududiy bo‘linmalariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida dasturlash va telekommunikatsiya yo‘nalishlari bilan bir qatorda, zamonaviy xizmatlarni (autsorsing, konsalting, biznes jarayonlari va boshqaruvni maqbullashtirish) ko‘rsatish.

Top