O‘zbekiston | 10:29 / 31.05.2018
35283
5 daqiqa o‘qiladi

Po‘lat Bobojonov huzurida tezkor majlis o‘tkazildi, qarorlar ijrosi ko‘rib chiqildi

Foto: KUN.UZ

Ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga doir O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va Vazirlar Mahkamasining so‘nggi qaror va topshiriqlari ijrosini ta'minlash bo‘yicha ichki ishlar vaziri, general-mayor P.Bobojonov huzurida vazir o‘rinbosarlari, vazirlik bosh boshqarma va boshqarma boshliqlari ishtirokida tezkor yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar bermoqda.

Kun tartibidagi masala bo‘yicha davlat rahbarining topshirig‘iga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri hamda viloyatlarning markaziy shaharlarida jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish chora-tadbirlarining samaradorligini yanada oshirish maqsadida, ichki ishlar organlari faoliyatini hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatiga uyg‘unlashtirgan holda tashkil etish va boshqarishni ta'minlovchi yangi tizimni joriy qilish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan rahbarlarning hisobotlari eshitildi.  

Ma'lumot uchun, ushbu tizim hozirda Samarqand va Urganch shaharlari, Urgut va Qo‘shko‘pir hamda Toshkent shahri tumanlarida tajriba tariqasida joriy etilgan bo‘lib, shahar va tumanlarda faoliyat ko‘rsatgan ichki ishlar organlarining negizida hududiy bo‘linish asosida 4ta sektorning har birida 1tadan ichki ishlar bo‘limi hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtiruvchi alohida boshqarma tashkil etilgan.

Mavjud kuch va vositalarning 60 foizidan ko‘prog‘i quyi tizim idoralariga o‘tkazilib, aholiga imkon qadar yaqinlashtirish hamda zamonaviy axborot texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish orqali fuqarolarga o‘z vaqtida va sifatli xizmat ko‘rsatish, ularni tashvishga solayotgan muammo va masalalarni joyida hal etish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish chora-tadbirlari maqsadli va manzilli amalga oshirilishi ta'minlanmoqda.

Yig‘ilishda Nukus shahri va viloyat markazlarida bu borada bajarilayotgan ishlar, xususan, yangi tizim asosida ichki ishlar bo‘limlari va ularning faoliyatini muvofiqlashtiruvchi boshqarmalar tuzilishi munosabati bilan ishni optimal tarzda tashkil etish hamda tezkor vaziyatni yaxlit nazorat qilish uchun mahalliy hokimliklar bilan 4ta sektor hududlari chegarasini qayta ko‘rib chiqish, shaxsiy tarkibni maqsadli taqsimlash, ularga xizmat binolarini ajratish, ta'mirlash va rekonstruksiya ishlarini bajarish, mebel jihozlari va transport vositalari bilan ta'minlash hamda boshqa tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi. Muhokamalar davomida Ichki ishlar vaziri tomonidan har bir hudud bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga ijro muddatlari aniq belgilangan topshiriqlar berildi.

Shuningdek, tezkor majlisda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 19 may kungi “O‘zbekiston Respublikasi yo‘l xavfsizligini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi ham ko‘rib chiqildi.

Ma'lumot uchun, mazkur qaror yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish, yo‘l infratuzilmasini tubdan yaxshilash, yo‘llar sifatini oshirish hamda yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsiz harakatlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida qabul qilingan. Qaror bilan 2018-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash konsepsiyasi hamda ushbu Kontseptsiyani 2018-2019 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.
   
Kun tartibidagi masalani ko‘rib chiqish davomida yuqoridagi qarorda hamda Yo‘l xaritasining 30ta bandida belgilangan tadbirlar, jumladan yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish, yo‘llar sifatini yaxshilash, transport vositalari va yo‘lovchilarning xavfsiz harakatlanishi uchun ishonchli shart-sharoitlar yaratish, yo‘l harakati barcha ishtirokchilarining huquqiy madaniyatini va zarur malakasini oshirish, ularning intizomini mustahkamlashga qaratilgan vazifalarning har biri muhokama etildi.

Ularni o‘z muddatida va sifatli bajarilishini ta'minlash maqsadida, vazir tomonidan mas'ul rahbarlar biriktirilib, malakali va tajribali xodimlardan iborat bir necha ishchi guruhlari tuzildi hamda Ichki ishlar vazirligining tegishli nazorat rejasi tasdiqlandi.

Mavzuga oid