Jamiyat | 21:10 / 31.05.2018
27110
2 daqiqa o‘qiladi

Yo‘llarda «muallaq» piyodalar o‘tish yo‘lagi paydo bo‘lmoqda

Foto: Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA

Namangan shahri ko‘chalarida muallaq, ya'ni havoda osilib turgandek ko‘rinadigan piyodalar o‘tish yo‘lagi paydo bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

«Prezidentning barcha sohalarda innovatsion g‘oya va loyihalar joriy etilishiga qaratayotgan e'tibori meni shu g‘oya ustida izlanishga undadi va izlagan narsamni topdim. Dastlab qog‘ozga tushirib taqdim etilgan loyiha rahbariyat tomonidan ma'qullanib, sinov tariqasida bir-ikki joyda amalga oshirish tavsiya qilindi», deydi viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati boshqarmasi yo‘l nazorati bo‘linmasi boshlig‘i, katta leytenat Elmurod Komilov.

Mazkur innovatsion g‘oyaning mohiyati shuki, piyodalar o‘tish yo‘lagi uzoqdan kelayotgan avtomashina haydovchisi ko‘ziga muallaq turganday bo‘lib ko‘rinadi va haydovchi hushyorligini oshirib, tezlikni kamaytiradi, natijada piyodalar yo‘ldan xotirjam o‘tishlari imkoniyati ortadi.

Bunday effekt «zebra»ni asfaltga 3D formatda tushirish orqali erishiladi. Chiziqlarining yerdan ko‘tarilib turganday ko‘rinishi soyalar yordamida hosil qilinadi. Buning uchun odatdagi oq bo‘yoqdan tashqari, qora hamda kulrang bo‘yoqning ikki xil kombinatsiyasi talab etiladi.

Foto: Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA

Ma'lum qilinishicha, hozircha shaharning 8 tartibga solinmagan o‘tish joyida shunday o‘tish yo‘laklari bo‘ladi. Jami 40 dan ziyod shunday yo‘laklarga yangi texnologiya bosqichma-bosqich joriy qilinadi.

Mavzuga oid