Jamiyat | 11:49 / 31.05.2018
7791
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida avtomashina o‘g‘rilari qo‘lga olindi

Illyustrativ foto

Toshkent viloyatida yengil transport vositasini olib qochgan shaxslar qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda Toshkent viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi. Ma'lumotlarga ko‘ra, 2018 yil 27 may kuni Bo‘stonliq tuman IIBga Toshkent Axborot texnologiyalari universtiteti 2-bosqich talabasi X.R. ariza bilan murojaat qilgan. 

U Bo‘stonliq tumani, G‘azalkent shahri, Bo‘ston mahallasi, Bo‘ston ko‘chasida joylashgan “G‘azalkent orzu” MChJga qarashli hammom oldidagi avtoturargohidan o‘zini “Oybek” deb tanishtirgan shaxs va uning 3 nafar noma'lum sheriklari qarovsiz qoldirilgani, eshigi ochiq va kaliti o‘t oldirgichda qolganligidan foydalanib, boshqaruvida bo‘lgan «Lasetti» rusumli avtomashinasini olib qochib ketishganini ma'lum qilgan. 

Hodisa joyida olib borilgan tergovga qadar tekshiruv ishlari natijasida 2018 yil 27 may kuni soat 11.00 larda, S.G‘oipov, muqaddam firibgarlik jinoyatini sodir etganligi uchun sudlangan O.Mamenov, muqaddam bosqinchilik va qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatini sodir etganligi uchun sudlangan A.Zakirov va B.Uskenovlar “Rohat” halqa yo‘lida X.R. boshqaruvidagi avtomashinani to‘xtatib, avtomashinaga yo‘lovchi sifatida o‘tirishgan. 

Ular o‘zlarini Bo‘stonliq tumani hududidan gilos mevasini sotib olish uchun ketayotganliklarini aytishgan va Bo‘stonliq tumaniga olib borib qo‘yishni so‘rashgan va shu kuni soat 13.40 larda yuqorida ko‘rsatilgan hammomga kelishgan. Soat 17.20 larda X.R.ni o‘zlari bilan birga hammomga olib kirishgan, X.R. cho‘milayotganidan foydalanib avtomashinasini olib qochib ketganliklari aniqlangan. 

Tezkor tadbirlar natijasida S.G‘aniyev «Lasetti» rusumli avtomashinani Parkent tumani, Chokkay mahallasida boshqarib ketayotgan vaqtida aniqlanib, ushlangan. B.Uskenov va A.Zakirov Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Qo‘yliq dahasi hududida qo‘lga olingan. O.Mamatov Yuqorichirchiq tumani, Yangibozor qo‘rg‘oni hududida ushlangan. Avtomashina soz holda egasiga qaytarilgan.
 
Bo‘stonliq tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ma'lumki, JKning sud mahkamasi gumondorlarni 267-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topsa, ularga o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashi mumkin. 

Mavzuga oid