Jahon | 23:11 / 02.06.2018
18810
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp baribir Kim Chen In bilan uchrashadi, kimdir uning mehmonxonadagi nomeri pulini to‘lasa

Garchi bir hafta muqaddam Trampning o‘zi uning bekor qilingani haqida gapirib o‘tgan esa-da, 1 iyun kuni AQSh prezidenti KXDR yetakchisi Kim Chen In bilan 12 iyun kuni Singapurda uchrashuvi baribir bo‘lib o‘tishini ma'lum qildi. Biroq, The Washington Post o‘z manbalariga tayanib xabar qilishicha, uchrashuv tashkilotchilari bir muammo qarshisida qolishgan: ular KXDR yetakchisining mehmonxona xarajatlarini kim to‘lashini bilolmay hayron.

Foto: instagram.com/
fullertonhotel

Nashrning ma'lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya bir kun tunash narxi olti ming AQSh dollari bo‘lgan Fullerton mehmonxonasi xarajatlarini boshqa bir davlat ko‘tarishini istamoqda. AQSh bunday qilishga tayyor, lekin bu qadamini haqorat o‘laroq qabul qilishlaridan cho‘chimoqda. Bundan tashqari, buning uchun AQSh moliya vazirligining ruxsati ham kerak bo‘ladi, chunki KXDR yetakchisining mehmonxonasi uchun haq to‘lash sanksiya rejimini buzish hisoblanadi.

Yana bir boshqa variant bor: Kim Chen Inning yashashini Singapur ko‘tarishi mumkin. Bu davlatning mudofaa vaziri Ng Eng Hen sammit tashkilotchiligi uchun xarajatlarni o‘z zimmasiga olishga tayyor ekanligini ma'lum qilgan.

Foto: instagram.com/fullertonhotel

Shuningdek, Kim Chen In Singapurgacha qanday yetib olishi ham ochiqligicha turibdi. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, KXDR foydalanadigan eskirgan samolyotlar Singapurgacha 4,5 ming km masofani bosib o‘ta olmaydi; shunday qilib Kim yo Xitoyda to‘xtab o‘tadi, yoki boshqa birovning samolyotidan foydalanadi.

Shimoliy Koreya muntazam ravishda xalqaro aloqalar chog‘ida paydo bo‘ladigan o‘z xarajatlarini to‘lashni boshqa davlatlardan talab qilib keladi va buni qashshoqligi bilan tushuntiradi, deb yozadi  The Washington Post. Xususan, KXDR delegatsiyasining Pyongchangdagi qishki olimpiadaga sayohatini Janubiy Koreya ko‘targan edi.

Donald Tramp va Kim Chen Ining uchrashuvi, agar bo‘lib o‘tadigan bo‘lsa, AQSh va KXDRning amaldagi rahbarlarining tarixdagi ilk o‘zaro muzokaralari bo‘ladi. Uchrashuv 2018 yilning bahorida belgilangan edi, lekin uning o‘tkazilishi tahdid ostida qoldi — har ikki tomondan qat'iy bayonotlar yangragach AQSh prezidenti uning bekor qilinganini e'lon qilgan edi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid