01:44 / 06.06.2018
12406

GETCA-2018: Yashil innovatsiyalar - tabiat uchun yana bir imkon

5-7 iyun kunlari "O‘zekspomarkaz" hududida Green Ecology Technologies Central Asia 2018 (GETCA-2018) debyut ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Bu mamlakatdagi atrof-muhit muhofazasi, chiqindilarni qayta ishlash va energosamaradorlik masalalariga bag‘ishlangan ilk Markaziy Osiyo Xalqaro Ekologik ko‘rgazmasidir.

Ko‘rgazma O‘zbekiston respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (MOMEM) qo‘llab-quvvatlashi ostida Markaziy Osiyo Xalqaro ekologik forumi doirasida o‘tkazilmoqda. Ko‘rgazma hamkori - Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti.

Ko‘rgazmada dunyoning 13 mamlakati (Shveytsariya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Daniya, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Chex Respublikasi, Vengriya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Armaniston va O‘zbekiston)dan 38 kompaniya ishtirok etmoqda. Bular ichimlik suvini tozalash, qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash, chiqindilar utilizatsiyasi va maxsus texnika hamda transport ishlab chiqarish sohasiga ixtisoslashgan kompaniyalardir.

GETCA-2018 ekologik innovatsion qarorlar namoyishi va ekologiya sohasidagi muammolar haqidagi professional muloqot uchun asosiy maydondir. 

Mazkur ko‘rgazma tufayli ishtirokchilar iste'molchilar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishlari va yangi, ekologik toza texnologiyalarni joriy qilish imkoniyatlarini namoyish qilishlari mumkin.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilardan qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasiga ixtisoslashgan «All Solar», chiqindi tashuvchi va avtosisterna ishlab chiqaruvchi yirik «KRANTAS» kompaniyalari, shuningdek «TOSHRANGZAVOD RECYCLING» va «Toshelektrotexmontaj» korxonalari qatnashmoqda. 

O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 18 mayidagi  "Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, ekologik xavfsizlik, santar nazorat, maishiy chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya  yo‘nalishida qator qo‘shimcha choralar ishlab chiqildi.

Polimerdan paketlar ishlab chiqarish va ularni tarqatish, shu jumladan bepul berishni cheklash, maxsus "Toza hudud" texnikasi bilan ta'minlash, chiqindi yig‘ish punktlarini qurish, chiqindilar borasida fuqarolar va mansabdor shaxslar javobgarligini kuchaytirish shular jumlasidandir.

Top