Sport | 18:55 / 08.06.2018
19746
4 daqiqa o‘qiladi

Umid Ahmadjonov: «Urugvayga qarshi o‘yin natijasi ko‘ngilsiz emas»

Foto: KUN.UZ

Urugvay - O‘zbekiston (3:0) o‘rtoqlik o‘yinidan so‘ng, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. 

«O‘yinni miriqib tomosha qildim. Urugvaydek top jamoaga qarshi yosh futbolchilarimizning qanday harakat qilishini kuzatish hammamiz uchun qiziq edi. Qolaversa, bunday kuchli jamoalar bilan har doim ham o‘ynayvermaymiz, bu tarixiy o‘yin edi. Zero yurtimiz mustaqillikka erishib, O‘zbekiston milliy terma jamoasi xalqaro maydonda o‘ynay boshlaganidan buyon, hali ushbu darajadagi terma jamoalar bilan na o‘rtoqlik va na rasmiy uchrashuvda maydonga tushgan edik», — deb gap boshladi Ahmadjonov.

«Natija biz uchun ko‘ngilsiz emas. Chunki Urugvay variantida to‘xtalayotganimizda ham, natija haqida o‘ylamaganmiz. Bizga xalqaro tajriba va kuchli maktab kerak. Urugvay bu borada juda yaxshi tanlov edi. O‘ylashimcha, birinchi bo‘limda futbolchilarimiz kutilganidan-da yaxshiroq futbol namoyish eta olishdi. Ikkinchi 45 daqiqalikda esa deyarli barcha jabhalarda imkoniyatni boy berib qo‘ydik».

Urugvay termasi birinchi bo‘limda bitta hujumni muvaffaqiyatli yakunlagan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda hisobni yirik ko‘rinishga olib kelgandi.

«Agar mana shunday raqiblar bilan tinimsiz kurash olib borish imkoniyati bo‘lsa, yigitlarda ham ko‘nikma shakllanadi. Bora-bora ishonch ortishi, maydondagi teng kurashlar daqiqasi bosqichma-bosqich ko‘payib borishi mumkin. Garchi jahon chempionatiga chiqa olmagan bo‘lsak-da, Senegal, Marokash, Urugvay kabilar bilan o‘ynab, salohiyatimiz borasidagi tasavvurlarimizni bir qadar boyitdik. O‘FA shu yo‘lida davom etadi va o‘rtoqlik o‘yinlarini muntazam tashkil qilish uchun harakat qiladi».

Urugvay — O‘zbekiston o‘yinini Sport telekanalidan tashqari, Rossiya kanallari ham efirga jonli uzatdi. Chunki Urugvay JCh—2018 da Rossiya bilan bir guruhdan joy olgan.

«Shunchaki rossiyalik sharhlovchilarning o‘zimiz haqimizdagi fikrlarini bilish uchun o‘yinni Rossiya kanalidan kuzatib bordim. Ularning yosh futbolchilarimizga, Osiyo Chempionatidagi natijamizga bo‘lgan ijobiy fikrlari xursand qildi. Kimdir aytishi mumkin, o‘sha Osiyo Chempionati kerak emas-ku, deb. Yo‘q, men bunga qo‘shilmayman. O‘shanday musobaqalar o‘zimizga bo‘lgan ishonchni oshirib olish uchun, futbolchilarimiz ko‘ziga o‘tni qaytarish uchun ham kerak. Haqiqiy musobaqalar hali oldinda ekanini biz ham bilib turibmiz va shuning uchun ham tayyorgarlikni o‘sha Xitoydagi musobaqadan boshlagandik».

Oldinda O‘zbekiston termasini Osiyo O‘yinlari, kelasi yilning yanvarida esa Osiyo Kubogi kutib turibdi.

«Biz top termalarga qarshi o‘yinlarni legionerlarsiz o‘tkazganimizni unutmasligimiz kerak. Kuzdan boshlab har oyda FIFA kunlari bor. Bu tarkibga Ahmedov, Shomurodov, Hamdamov, Shukurov, Denisov kabi futbolchilar qo‘shilsa, biz yanada kuchayishimizni tasavvur qilib ko‘ring. Shunday jamoa tuzishimiz kerakki, Osiyo Kubogida Yaponiyaga ham, keyinroq boshqa jamoalarga ham bemalol tik boqa olaylik» - deb Ahmadjonov so‘zlarini keltirmoqda O‘FA sayti.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid