Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bangladesh Filippin taktikasini takrorlamoqda: uch haftada 130 kishi yo‘q qilindi
May oyi oxirida Bangladesh hukumat kuchlari mamlakat bo‘ylab giyohvandlikka qarshi kurashni boshlab yuborishdi: reydlarning birinchi haftasida politsiya narkotiklarni sotishda gumon qilinayotgan 50 kishini otdi, ikki hafta o‘tib esa halok bo‘lganlar soni 130 nafardan oshdi.
Huquqni muhofaza qilish organlarining shafqatsiz va tushunarsiz taktikasi Filippinning giyohvand moddalarga qarshi kurash modelini takrorlamoqda. Ikki mamlakat hukumati bu xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan majburiy chora-tadbirlar ekanini ta'kidlashmoqda, biroq halok bo‘lganlarning oila a'zolari va huquq himoyachilari hukumatning xatti-harakatlarida saylovlardan oldingi siyosiy motivni ko‘rishmoqda.
Uch haftada - 130 kishi
Giyohvandlikka qarshi kurash kampaniyasining birinchi haftasidan keyin politsiya mamlakat shimolidagi faol va muxolifat Amjad Hussaynga qarata o‘q uzdi. Politsiyaga ko‘ra, giyohvand moddalar bilan savdo qilishda gumon qilinayotgan Hussayn taslim bo‘lishdan voz kechgan.
"Unga qarshi qotillik, hujumlar va giyohvand moddalar bilan savdo qilish bo‘yicha 14 ish qo‘zg‘atilgan. Anonim xabardan keyin biz uning uyida Ya ba'ning katta porsiyasini aniqladik. Keyinroq u otishmalar vaqtida, uning o‘z bandasi a'zolari o‘q uzganida halok bo‘ldi", - dedi Netrokon okrugida tartib-intizom uchun mas'ul.
Ya ba (tay tilidan tarjima qilinganda "aqldan ozdiruvchi giyohvand modda") - so‘nggi yillarda Bangladeshda urf bo‘lgan metamfetamin va kofein asosidagi arzon tabletka. Hukumatga ko‘ra, mamlakatga har yili 300 milliongacha taqiqlangan tabletkalar kiradi - giyohvandlikka qarshi kurash kampaniyasini boshlashga aynan shu omil sabab bo‘lgan, Bangladesh bosh vaziri Shayx Hasin shunday tashabbus bilan chiqqanlardan biri.
Foto: Rassel Uotkin
Reydlarning ilk 10 kunida politsiya giyohvand moddalari bilan savdo qilish va dilerlar bilan aloqadorlikda gumon qilingan 50 dan ziyod kishini otib tashladi. Keyingi ikki haftada o‘ldirilganlar soni 130 kishiga ko‘paydi. Jurnalistlar bilan suhbatda halok bo‘lganlarning qarindoshlari hukumat xatti-harakatlarini tushunmay, ularning adolatli ekanligiga shubha qilishdi. Dastlab gumonlanuvchilar qo‘lga olinadi, bir necha soat o‘tgach esa ular sirli ravishda banda bilan otishmalarda halok bo‘lishadi.
Kampaniya doirasidagi reydlarning aksariyatini politsiyachilar va elita maxsus kuchlaridan iborat Tezkor chora ko‘ruvchi batalon o‘tkazmoqda. Tashkilot faoliyati keng qamrovli bo‘lib, u ham terrorchilar, ham giyohvandlik, ham bosqinchilarga qarshi kurashlarni olib borishadi. Idora bir necha marta gumonlanuvchilarni qiynoqqa solish va o‘ldirishda ayblangan.
Mahalliy huquq himoyachilarning so‘zlariga ko‘ra, aktinarkotik kampaniya mamlakatda "terror" muhitini hosil qilgan, zero politsiyachilar gumonlanuvchilarni duch kelgan joyida hukm qilish va qatl qilish huquqini qo‘lga kiritishgan. So‘nggi ikki yilda Filippinda ham xuddi shunday holatlar kuzatilmoqda, ya'ni giyohvandlikka qarshi kurash mamlakatda ochiq urush shakliga kirgan.
Filippin yo‘li
"Ularning bari bilan hisoblashing", - dedi Filippin prezidenti Rodrigo Duterte 2016 yilda lavozimga kirishishi bilanoq. Jinoyatchilikka qarshi qat'iy kurashchi giyohvandlik bilan bog‘liq barcha kishilarga qarshi urush e'lon qildi. Dastlabki haftalarda prezidentning nutqidan ilhomlangan politsiya tomonidan taqiqlangan moddalarga aloqadorlikda gumon qilingan 2 mingdan ortiq kishi o‘ldirildi.
2016 yilda narkobiznesga taxminan aloqador bo‘lgan 600 ming kishi politsiyaga taslim bo‘lishga majbur bo‘ldi. 2018 yil yanvariga kelib kampaniya doirasida o‘ldirilganlar soni 20 mingdan oshdi, ularning aksariyatining aybi o‘z isbotini topmagan. 22 yil davomida Davao meri sifatida faoliyat yuritgan Duterte mamlakatda jinoyatchilik darajasining pasayganini o‘zining asosiy yutug‘i deb hisoblaydi. Statistika haqiqatda prezident tomonda, lekin qisman.
2017 yilning oxirida Filippin mamlakatdagi jinoyatchilik darajasining 2016 yilga nisbatan 21 foizga pasaygani haqida hisobot bergan. Biroq qotilliklar soni bir yil avvalgiga qaraganda 14 foizga oshgan.
«Odamlar bizdan minnatdor»
Bangladeshda taxminan 7 millionga yaqin giyohvand moddalarga tobe' kishilar borligi qayd etiladi, shulardan 5 millioni "Ya-ba"ni qabul qilishadi. Uni qabul qiluvchilarning o‘rtacha yoshi 15-25 yoshni tashkil qiladi. Bunday vaziyat mamlakat hukumatini anchadan beri tashvishga solayotgan edi, biroq hukumatning reabilitatsiya tizimini yaratish tomon qo‘ygan qadamlari ahamiyatsiz edi.
G‘arb mamlakatlari, jumladan AQSh Bangladesh hukumatini antinarkotik kampaniya bilan bog‘liq vaziyatni tartibga solishga chaqirgan. Human Rights Watch huquqni muhofaza qiluvchi tashkiloti mamlakat narkotik inqirozni boshdan kechirayotgani, biroq hukumat kuchlarining bunday usullari katta muammolarni keltirib chiqarishini qayd etgan. Bugunga kelib Bangladeshda giyohvandlikka aloqadorlikda gumon qilinayotganlar soni 17 ming nafarni tashkil qilmoqda.
2018 yilning 6 iyunida otib ketilgan siyosatchi Akramul Haqning turmush o‘rtog‘i to‘rt telefon suhbatini xalqqa e'lon qildi. Ularda siyosatchi dastlab qizi bilan suhbatlashadi, keyin esa unga noma'lum kimsalar hujum qilishadi. Ilk ikki telefon muloqotida Avami Lig partiyasi a'zosi hisoblangan siyosatchi qiziga uni gubernatorning mahalliy idorasiga taklif qilishgani haqida ma'lum qiladi. Uchinchisida erkak ovozini pastlatib gapiradi va qiziga "shoshilinch ishlar bo‘yicha" qandaydir joyga ketish rejasi haqida aytadi.
Oxirgi yozuvlarda otasining "bunga mening aloqam yo‘q", degan gaplari eshitiladi. Shundan so‘ng audioda uzilgan o‘q tovushi, otasining ingrashi va yana bir o‘q tovushi eshitish mumkin. Keyin noma'lum ovoz o‘qlarni yig‘ishni buyuradi, uzoqdan esa politsiya mashinasining sirenasi eshitiladi. Audioyozuvlar jami 14 daqiqa davom etgan. Bangladeshning eng yirik The Daily Star nashri bu xabar bilan bo‘lishgan.
Bu audioyozuvlar katta shov-shuvlarga olib keldi, chunki rasmiylar bergan ma'lumotiga ko‘ra, Haqni 27 may kuni otishma vaqtida o‘ldirishgan, uning xonadonidan esa ikki qurol va taqiqlangan moddalar zaxirasini topishgandi. Politsiya marhumning oila a'zolariga siyosatchi anchadan beri giyohvand moddalar bilan savdo qilganini aytgan. Rasmiy bayonotga bo‘lgan ishonchning so‘nishiga yana bir voqea sabab bo‘ldi: audioyozuvlarni taqdim etganidan so‘ng The Daily Star sayti Bangladeshda ishlashdan to‘xtagan, uning faoliyati 18 soatdan keyin tiklangan.
Audioyozuvlar e'lon qilinganidan so‘ng hukumat giyohvandlikka qarshi kurash kampaniyasini qo‘llab-quvvatladi, lekin o‘tmishda xatoga yo‘l qo‘yilgan bo‘lishi mumkinligini tan olib, tergovni "sahnalashtirdi". Avtomobil transporti va ko‘priklar bo‘yicha vazir Obaydul Kvader operatsiya davomida "bir-ikki xato"ga yo‘l qo‘yilgan bo‘lishi mumkinligi, biroq hozircha begunoh kishilar jabrlanganini ta'kidlash uchun erta ekanini qo‘shimcha qildi. Uni boshqa amaldorlar ham qo‘llab-quvvatlashdi.
"Odamlar antinarkotik kampaniya uchun bizdan minnatdor. Bunday tashabbusni oddiy fuqarolar qo‘llab-quvvatlar ekan, operatsiyani to‘xtatish fikridan yiroqmiz", - dedi Bangladesh ichki ishlar vaziri Asadazzaman Xan.
Mavzuga oid
17:31 / 12.06.2026
Giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi
10:57 / 12.06.2026
Toshkentda 34 kilogrammdan ziyod narkotik moddalar musodara qilindi
20:09 / 11.06.2026
Jinoyat kodeksiga aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar bobi kiritiladi
08:10 / 09.06.2026