20:24 / 12.06.2018
25870

Lukashenkoning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi haqida ma'lumot berildi

Foto : Nikolay Petrov / BelTA

Belarus prezidenti Aleksandr Lukasheno 12-14 sentabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Respublika Kengashi raisi Mixail Myasnikovich 12 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshchiligidagi parlament delegatsiyasi bilan uchrashuv chog‘ida shunday bayonot berdi, deya xabar beradi "Belaplan".

Lukashenkoning Toshkentga tashrifi davomida bir qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. Myasnikovichning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda to‘qqiz bitim loyihasi O‘zbekiston tomonidan ko‘rib chiqilmoqda, umuman olganda esa 11 hujjat loyihasi ishlab chiqilgan.

"Tezkorlik bilan muvofiqlashtirish ishlarini oxiriga yetkazish kerak", - deya ta'kidladi Belarus Respublikasi Kengashi raisi.

O‘zbekiston va Belarus shuningdek qandolatchilik sanoatida hamkorlikni rivojlantirishi ma'lum qilingan. Gap lisenzion ishlab chiqarish haqida bormoqda. Loyihada Belarus tomondan "Kommunarka" qandolatchilik fabrikasi ishtirok etmoqda.

"O‘ylashimcha, yaqin vaqt ichida "Kommunarka" O‘zbekistonning tegishli kompaniyasi bilan birga litsenziyalangan yuqori sifatli konfet ishlab chiqarishga kirishadi", - dedi Mixail Myasnikovich. Bundan tashqari, Belarus O‘zbekiston bozoriga shakar yetkazib berish hajmini oshirishga umid qilmoqda.

O‘z navbatida Nig‘matilla Yo‘ldoshev mamlakatlar tovar aylanmasini keskin oshirishi va diversifikatsiya qilishi kerakligini ta'kidladi. 

"Biz qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika va mashinasozlik sohalarida investitsion hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdormiz", - dedi u.

Oliy Majlis Senati raisi mamlakatlar transport va turizm sohasidagi hamkorlikni faollashtirishlari kerakligini qayd etdi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2018 yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 44,9 million dollarni tashkil qildi. Eksport - 34,8 million dollar (270,9 foiz o‘sish), import esa 10,1 million dollar (143,8 foiz)ga yetdi. 

Top