Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda yana bir hukumat komissiyasi tashkil etiladi
Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida Xalq ta'limi vazirligining “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'lim muassasalarini darsliklar va o‘quv-metodik majmualar bilan ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Hujjatda umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'limning o‘quv rejasi va dasturlari, darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni zamon talablariga muvofiq yaratish, ularni nashrga tayyorlash va nashr etish borasidagi muammo va kamchiliklar belgilab berilgan.
Hujjat bilan uzluksiz ta'lim tizimi uchun o‘quv dasturlari hamda darsliklarni qayta ko‘rib chiqish va yangilarini yaratish bo‘yicha Hukumat komissiyasining tarkibi tasdiqlanishi mumkin.
Quyidagilar Hukumat komissiyasining asosiy vazifalari etib hisoblanadi:
darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni hamda kasbiy ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalarni yaratish, nashr etish va qayta nashr etishning moliyalashtirish manbalari va hajmlarini aniqlash;
darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni hamda kasbiy ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalarni yaratish, ularni ekspertizadan o‘tkazishishlarini muvofiqlashtirish;
darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni hamda kasbiy ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalarni yaratish, nashr etish va qayta nashr etishni amalga oshiradigan nashriyot va bosmaxonalar hamda mualliflar ro‘yxatini tasdiqlash, zarur hollarda unga o‘zgartirishlar kiritish;
rivojlangan davlatlarning umumiy o‘rta ta'lim tizimida qo‘llanilayotgan darsliklarni tarjima qilish, milliy ta'lim dasturlarini ularga muvofiqlashtirish hamda ulardan samarali foydalanish yuzasidan qaror qabul qilish;
darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni hamda kasbiy ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalarni yaratish, mazmunan va sifat jihatidan yaxshilash, nashr etish va qayta nashr etishni tashkil etish jarayonlarini tanqidiy o‘rganish, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
darsliklar va o‘quv-metodik majmualarning umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'limning davlat ta'lim standartlariga va zamonaviy metodik talablarga muvofiqligini nazorat qilish;
darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni hamda kasbiy ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalarni yaratish, nashr etish va qayta nashr etish jarayonlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.
Belgilanishicha:
Hukumat komissiyasi huzurida umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari uchun darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiqlashtirish hamda ularning texnik reglamentini xalqaro andozalar asosida takomillashtirish bo‘yicha ishchi guruh hamda umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari uchun umumta'lim fanlaridan yangi avlod darsliklari va o‘quv-metodik majmualarini yaratish, ularni ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha ekspertlar guruhi tuziladi hamda doimiy ravishda faoliyat yuritadi;
umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari uchun umumta'lim fanlaridan darsliklarni ekspertizadan o‘tkazganlik uchun har bir mualliflik tabog‘iga eng kam oylik ish haqining 3 barobari miqdorida haq to‘lanadi.
Hukumat komissiyasiga:
ishchi guruh va ekspertlar guruhi tarkibini hamda ularga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash;
ishchi guruh va ekspertlar guruhi tarkibiga yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish;
ikki oy muddatda darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni mazmunan hamda sifat jihatidan yaxshilash, ularni nashr etish jarayonida to‘siq bo‘layotgan tizimli muammolarni aniqlash;
ekspertlar guruhi takliflari asosida umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari uchun takomillashtirilgan tayanch o‘quv rejasi hamda o‘quv dasturlari ishlab chiqilishini tashkil etish;
ta'lim dasturlaridagi uzviylik va uzluksizlik tamoyillaridan kelib chiqib, yaratiladigan darsliklar va o‘quv-metodik majmualarning fanlararo aloqadorligini hamda umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'limning davlat ta'lim standartlariga mutanosibligini ta'minlash vazifasi yuklanadi.
Hujjatga ko‘ra, shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:
a) umumta'lim fanlaridan:
umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 1-sinflari darsliklari hamda 1-4-sinflari uchun mo‘ljallangan mashq daftarlari har yili;
umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 2-4-sinflari darsliklari
3 yilda bir marta;
umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 5-11-sinflari darsliklari hamda o‘rta maxsus ta'lim muassasalarining darsliklari 5 yilda bir marta nashr etiladi;
b) darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni hamda kasbiy ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalarni yaratish, nashr etish va qayta nashr etish bo‘yicha nashriyotlar va bosmaxonalar bilan tender (tanlov) savdolarisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuziladi;
v) yangi nashr etiladigan darsliklar va o‘quv-metodik majmualar o‘quv jarayonida foydalanish uchun joriy etilishidan ikki yil oldin yaratiladi hamda bir yil davomida tayanch umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'lim muassasalarida tajriba-sinovdan o‘tkaziladi;
g) umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari o‘quvchilarining ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar, pedagog xodimlarning fikrini o‘rganish hamda umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari kutubxonalarini inventarizatsiyadan o‘tkazish natijalari asosida navbatdagi o‘quv yili uchun nashr etiladigan darsliklar va o‘quv-metodik majmualar ro‘yxati va miqdori har yili 1 oktabrgacha O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
d) amalda mavjud bo‘lgan darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari o‘quvchilariga ijaraga berish tizimi hamda umumiy o‘rta ta'lim muassasalari kutubxonachilariga lavozim maoshining 20 foizigacha miqdorda ustama haq belgilash tartibi saqlab qolinadi.
ye) umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining kasbiy ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalar umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 10-11-sinf o‘quvchilari sonidan kelib chiqqan holda kutubxona fondi uchun nashr etiladi.
Uzluksiz ta'lim tizimi uchun o‘quv dasturlari hamda darsliklarni qayta ko‘rib chiqish va yangilarini yaratish bo‘yicha hukumat komissiyasi quyidagi tarkibda tasdiqlanishi mumkin:
1. Abduxakimov A. - O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari, komissiya raisi
2. Inoyatov U. - O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vaziri, komissiya raisi o‘rinbosari
3. Majidov I. - O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri, komissiya raisi o‘rinbosari
4. Sayfullayev B. - O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri
5. Shodmonov A. - O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri
6. Shin A. - O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim vaziri
7. Lavozimiga ko‘ra - O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining o‘rinbosari
8. Tangriyev L. - O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori
9. Karimov A. - O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktori
10. Sayidov S. - O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi
11. Sirojiddinov Sh. - Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori
12. Raximov G‘. - O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori
13. Sharipov Sh. - Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori
14. Abdullayev R. - O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tarix instituti direktori
15. Vaxobov M. - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi axborot-tahlil departamenti bosh mutaxassisi, Hukumat komissiyasi kotibi
Mavzuga oid
18:34 / 26.04.2026
“Dacha”larning elektron bazasini yaratish va ijara narxlarini nazorat qilish rejalashtirilmoqda
09:35 / 01.04.2026
Mobil tariflarga yangi talablar joriy etilishi mumkin
08:11 / 18.03.2026
Bitiruvchilar uchun 3 yil ishlab berish talabi bekor qilinishi mumkin
11:59 / 17.12.2025