Jamiyat | 23:30 / 17.06.2018
184085
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik o‘qituvchi va shifokor Ostonani ham tozalaydi

2018 yil 15 martdan boshlab rasman «Qozog‘istonda O‘zbekiston yili» boshlandi. Tan olib aytish kerakki, gavjum Olmaota va go‘zal Ostona shaharlari Markaziy Osiyoda keyingi o‘n yillikning eng qudratli shaharlari ro‘yxatida peshqadam bo‘lishga to‘la imkoniyati bor.

Ostonaga tashrif buyurgan har qanday sayyoh o‘sha mashhur Bayterek monumentiga chiqishga harakat qiladi. Rivoyat qilishlaricha, bu qadimgi Hayotbaxsh daraxt qozoq tilida Bәyterek deb atalgan. Uning ildizlari yer ostini, novda ustidagi toj esa osmonni tutgan. Har yili afsonaviy Samruq qushi uning yuqori shoxlari orasiga tilla tuxum qo‘yadi. Aydahar (ajdarho) esa uni yeydi. Shunday qiziq rivoyat bilan yo‘g‘rilgan daraxt monumentini qurish ishlari 1996 yil boshlandi. Bu voqea poytaxtning Olmaotadan Aqmolaga ko‘chirilishi bilan bog‘liq.

Bayterekning atrofi Dubayni eslatuvchi osmono‘par, oynavand binolar bilan qurshalgan. Ishbilarmonlik markazlari-yu, ko‘ngilochar yemakxonalardan ishtiyoqim ortib, aylanib yurganimda o‘zbek tilida suhbatlashib turgan uch nafar o‘zimizning qorako‘zlarni uchratdim.

«Assalomu alaykum, o‘zbekmisiz?», Ostonada o‘zbeklarni kam uchratganim uchun beixtiyor so‘radim.

«Ha, keling, uka. O‘zbekistondanmisiz? Yoki shu [Qozog‘iston] yerlikmisiz?», deb so‘radi ularning orasida eng yosh ko‘ringanlardan biri.

Kiyimidan ular shu yaqin atrofdagi binoda ishlasa kerak, deb ichimda gapira boshladim. Aslida ishchilarning formasiga qarab darhol ajratmayman-ku, ammo quruvchining bosh kiyimiga o‘xshagan bosh kiyim shubhaga o‘rin qoldirmadi. O‘zimni tanishtirdim. Keyin bilsam, Sobir akaning (uchovlonning eng kichigi) asl kasbi muallimlik bo‘lib chiqdi.

«Ochig‘i, O‘zbekistonda ham hech kim och qolmaydi. Bir kishi farzandlari, ota-onasi va ro‘zg‘oridan ortinib mashina ham olyapti, uy ham quryapti. Ammo, siz o‘qituvchi bo‘lsangiz, bu gaplarni aytgan insonning yuziga ham qaramay so‘kib tashlaysiz. Men ancha yildan buyon xorijda ishlayman. Professional alpinist bo‘lib, hujjatlar oldim. Ammo, o‘qituvchi bo‘lib yurgan paytimdek, yurak siqilmaydi: pulim yetarli, oilamga ham yuboraman. Shu katta binolarda oyna artuvchiman. Ishim bitsa, qo‘noqqa ketaman, binoga qorovul bo‘lib qolmayman. Oyligimdan hech kim ushlab qolmaydi, majburiy obuna, paxta yig‘imi, temir top, degan gapning o‘zi yo‘q. Behudaga qog‘oz to‘ldirmayman, plastik kartamni ko‘tarib, qanday naqdlashtiray, demayman», deydi o‘zbekistonlik sobiq o‘qituvchi.

Nima deyishni ham bilmay mum tishladim. Chunki, Sobir akaning sherigi Dilmurod aka ham binoyidek kasb egasi bo‘lgan.

«Bolalar shifokori bo‘lish mening azaliy orzum edi. Negaki, yoshligimdan bolalarni yig‘latgan shifokorlarni ko‘rsam, o‘zimcha o‘ylardim: »Men mehribon shifokor bo‘laman«. Tibbiyot xodimlarining muammosi va dardi shundaki, ularning mehnatini hech kim qadrlamay qo‘ydi. Men kishilarni davolashga emas, sog‘lig‘ini saqlashga o‘qiganman. Lekin, qabulimga kelgan har qanday ota-ona ham buni to‘g‘ri anglamay, barcha alamini bizdan oladi. Dastlab, tez yordamda ishladim. Qancha maosh olganimni aytmay, kulasiz. Shunchaki qanday ishlaganimni bilsangiz yetarli: bir sutka ish! Bemor bolaning onasi davlat byudjyetidan foydalanishga bir tonna dori-darmon berilmaganini qaydan bilardi. Dashnom bersa, jon achchig‘ida, deb mamnun ketardim. O‘ylab qarasam, hayotim o‘tib boryapti. Farzandlarimga to‘y qilaman, birini uylab, birini chiqaraman. Men ham ota-onamni Hajga olib boray, deb shu yurtga keldim», deydi shifokor-alpinist.

Ostona shahrining qoq yuragida dam osmonga qarab, dam ular tozalashga taraddud ko‘rayotgan binoga qarayman. Nafas yetmagandek, aytgim keladi: «Hammasi yaxshi bo‘ladi. O‘zgaryapti». Aytolmagan so‘zlarimga o‘zim ham ishonmadim.

«Faqat bir narsa qiynaydi, buni [sheriklarning uchinchisi] oilasi ham shu yerda. Men esa har yili bir marta faqat 20 kun uyda bo‘laman. Bo‘lmasa, har kuni internet orqali suhbatlashamiz. Baribir, tezroq O‘zbekistonga ketishim kerak. Ungacha bir ishni boshlash uchun pul jamg‘arib ham olish zarur», deb uchovlon ham ishga otlandi.

Ko‘nglim sal tinchidi, har qalay ularda vatanparvarlik tilda yo qog‘ozda emas, yurakda bor. Ming qilsa-da, O‘zbekistonga qaytib, o‘zini boshqa sohada sinab ko‘rmoqchi. Lekin haqli savol tug‘iladi: qolgan o‘qituvchi va shifokorlar ichiga yutib yurgan dardni kim eshitib, masalalarni hal qiladi?

PS: men fikrlar to‘zonida qancha qolib ketdim bilmayman, boshimni yuqoriga ko‘tarsam o‘zbekistonlik o‘qituvchi va shifokor, yana bir mehnat muhojiri g‘ayrat bilan oyna artishga tushganini ko‘rdim.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid