Iqtisodiyot | 19:41 / 19.06.2018
7253
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi barcha millionerlarning umumiy boyligi 70 trillion dollardan oshib ketdi

Dunyodagi barcha dollar millionerlarining umumiy boyligi 2017 yilda 10,6 foizga ko‘payib, birinchi marta 70 trillion dollardan oshib ketdi. Bu haqda Capgemini SA sharhida ma'lum qilingan.

World Wealth Report’ning har yillik hisobotiga ko‘ra, o‘tgan yil millionerlar soni 1,6 mln kishiga ko‘paygan. Bunda yangi millionerlarning 4 dan 3 qismi Shimoliy Amerika va Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga to‘g‘ri kelgan. 

Investitsiya qilgan aktivlari kamida 1 mln dollarga baholanuvchi odamlar soni Shimoliy Amerikada 5,66 mln kishini, Yevropa - 4,83 mln kishi, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi - 6,18 mln kishi, Yaqin Sharq - 660 ming kishi, Lotin Amerikasi - 600 ming kishi, Afrikada 170 ming kishini tashkil qilmoqda. 2017 yil oxirida AQSh, Germaniya, Yaponiya va Xitoyda dunyoning barcha millionerlarining 61,2 foizi yashagan. 

Osiyolik millionerlarning umumiy boyligi 21,59 trln dollarga, shimoliy amerikaliklarniki 19,79 trln dollarga, yevropaliklarniki esa 15,85 trln dollarga baholangan.

Millionerlar boyligining deyarli uchdan bir qismi aksiyalarda (30,9 foiz), biroz kamrog‘i pul va uning ekvivalenti ko‘rinishida (27,2 foiz), 16,8 foizi ko‘chmas mulk ko‘rinishida saqlanadi. 

Ta'kidlanishicha, 2025 yilga kelib dollar millionerlarining umumiy boyligi 100 trln dollargacha yetishi mumkin. Bu 2006 yilgi ko‘rsatkichdan deyarli 3 barobar ko‘proq demakdir. 

World Wealth Report o‘z hisobotini tuzishda hissasiga dunyo yalpi milliy daromadining 98 foizi va global fond bozorlari kapitallashuvining 99 foizi to‘g‘ri keluvchi 71 ta davlatdan olingan ma'lumotlardan foydalanadi.

Mavzuga oid