O‘zbekiston | 23:21 / 19.06.2018
2353
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Ozarboyjon madaniyat vazirlari Bakuda uchrashishdi

19 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev Baku shahrida ozarboyjonlik hamkasbi Abulfas Garayev bilan uchrashdi. Bu haqida Sayfullayevning Facebook'dagi sahifasida ma'lum qilindi. 

Foto: Facebook /BakhtiyorSayfullaev
Foto: Facebook /BakhtiyorSayfullaev

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston-Ozarboyjon madaniyat va san'atiga doir fikrlar bilan almashishgan. Baxtiyor Sayfullayev bugungi kunda O‘zbekistonda davlat rahbari tomonidan sohaga berilayotgan e'tibor va uning rivojlanishi uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida ma'lumot bergan. Shuningdek madaniyat va san'at xodimlarining xorijiy respublikalarda tajriba almashishi, malaka oshirishi, teatrlarning gastrol safarlari, muzey ko‘rgazmalari tashkil etilayotgani muhokama qilingan.

Foto: Facebook /BakhtiyorSayfullaev

Ozarboyjon madaniyat vaziri Abulfas Garayev o‘z o‘rnida O‘zbekistondagi islohotlarni kuzatib borayotganini qayd etgan. 

Foto: Facebook /BakhtiyorSayfullaev

Uchrashuv so‘nggida Sayfullayev Garayevni Shahrisabz shahrida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro Maqom anjumaniga faxriy mehmon sifatida taklif etgan. 

Bundan tashqari, madaniyat vaziri o‘z sahifasida Bakudagi Xalqaro Mug‘om markaziga tashrif buyurgani va uning rahbari Murod Guseinov bilan uchrashgani haqida ma'lum qilgan. Tomonlar O‘zbekistonda o‘tkazilishi kutilayotgan Xalqaro Maqom anjumaniga tayyorgarlik ishlari hamda maqom san'atini yanada rivojlantirish yo‘lida ikki davlatning o‘zaro hamkorligini mustahkamlash haqida suhbatlashishgan. 

Foto: Facebook /BakhtiyorSayfullaev
Foto: Facebook /BakhtiyorSayfullaev

O‘zbekiston madaniyat vaziri shuningdek Ozarboyjon poytaxtidagi "Haydar Aliyev" markazida ham bo‘lgan va u yerdagi tarixiy-madaniy merosni aks ettiruvchi eksponatlarni ko‘zdan kechirgan. Sayfullayev markaz binosi me'morchiligi unga juda manzur bo‘lganini qo‘shimcha qilgan. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid