Jahon | 01:15 / 20.06.2018
18897
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni Qatarni orolga aylantiruvchi kanalni qazishga tender o‘tkazadi – OAV

Foto: Associated Press

Saudiya Arabistoni 25 iyunda Qatarni orolga aylantiruvchi kanalni yaratish bo‘yicha loyihada ishtirok etish uchun xalqaro muhandislik kompaniyalari o‘rtasida tanlov o‘tkazadi. Bu haqda Makkah nashri ma'lum qildi. 

Ma'lum qilinishicha, Saudiya Arabistoni va Qatar o‘rtasida barpo etiluvchi gidroinshootni yaratishga 5 ta kompaniya qiziqish bildirgan. Tanlov g‘olibi 3 oy ichida e'lon qilinadi, shundan keyin zudlik bilan kanalni qazish bo‘yicha ishlar boshlab yuboriladi. Loyihani amalga oshirish uchun 2 yil ajratiladi. 

Biroq bu borada Ar-Riyod va Dohadan hech qanday bayonot berilmagan.

Loyihaga ko‘ra, uzunligi 60 km bo‘ladigan kanal Saudiya Arabistonining sharqiy qismidan o‘tadi. Uning eni 200 metrni, chuqurligi 15-20 metrni tashkil qiladi. Kanal qurilishining taxminiy qiymati 2,8 mlrd saudiya rialini (746 mln dollar) tashkil qiladi.  Avvalroq ma'lum qilinganidek, kanal Qatar bilan rasmiy chegaradan 1-5 km naridan o‘tadi. Chegaraning quruqlikdagi qolgan qismi chegara xavfsizligini ta'minlash uchun mudofaa vazirligi va chegarachilar ehtiyojiga topshiriladi. Kanal bo‘yida mehmonxonalar va sanatoriyalar, xususiy villalar, yaxtalar uchun prichallar, suv sporti turlari va hordiq chiqarish uchun infratuzilma barpo etiladi. Kanal bo‘ylab yirik kruiz laynerlarini qabul qila oladigan 3 ta port quriladi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid