Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistondagi FHDYo organlari islohotlari: byurokratizm va korrupsiyaga qarshi yana bir qadam
Fuqarolar holati dalolatnomalarini yozish (FHDYo) organlari tizimini adolatli ravishda ijtimoiy jihatdan ahamiyatli tizimlardan biri deyish mumkin.
Organ tug‘ilish, o‘lim, oila qurish, ajrim kabi muhim hodisalarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatadi. Organ faoliyati nafaqat ijtimoiy vazifalar, balki huquqiy vazifalar bilan ham bog‘liq. Bu esa FHDYoning davlat tizimidagi mas'uliyatini yanada kengaytiradi. O‘zbekiston prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2018 yil 12 iyundagi "Fuqarolar holati dalolatnomalarini yozish tizimini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 3785-sonli qaroridan kelib chiqadigan bo‘lsak, tizimda sifatli xizmat ko‘rsatishga to‘sqinlik qiluvchi kamchiliklar mavjud. Shunday ekan, tizimdagi modernizatsiya va yangiliklar sabablarini tahlil qilamiz.
Nimanidir o‘zgartirish kerak. O‘zbekiston Prezidentining yuqoridagi qaroriga muvofiq tizimda organ vazifalarini samarali hal qilishga imkon bermagan qator muammolar va kamchiliklar mavjud: organ funksiyalari va vazifalarida aniq belgilab berilmagani, innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish va ulardan foydalanishning past darajasi, qog‘ozbozlik, hujjat berish jarayonlarining cho‘zilishi va bularning natijasida oxir-oqibat navbatlarning hosil bo‘lishi. Bu omillarning bari juda dolzarb ekanini qayd etmaslikning iloji yo‘q.
Ro‘yxatdan o‘tish va hujjat topshirish jarayonlarining cho‘zilishi, navbat kutish FHDYo xizmatlarini aholi uchun noqulay qiladi, alohida holatlarda esa korrupsiya va byurokratizm omillariga olib keladi. Uzoq hududlarda yashovchi aholining bu tizim bilan bog‘liq muammolarini alohida qayd etish joiz, zero FHDYoga kelish ular uchun muammodir. Bunga "ko‘chma FHDYo" tajribasining yo‘qligi sababdir.
Fuqarolar bilishi kerak. Ro‘yxatdan o‘tish va monitoring bilan bog‘liq muammolarning sabablari nafaqat tizim ichidagi, balki uning tashqarisidagi kamchiliklar bilan ham bog‘liq. FHDYo - ijtimoiy organ, shu bois mexanizmning ishlash sifati fuqarolarga ham bog‘liq. Bu "huquqiy savodsizlik" omilidir. Alohida holatlarda bu "hisobga olinmagan jihatlar" paydo bo‘lishiga olib keladi. Masalan, bolaning dunyoga kelishi ro‘yxatdan o‘tmay qolish holatlari. Bu esa o‘z navbatida bolaning konstitutsion huquqlarini himoya qilishda talay muammolarni keltirib chiqaradi. Yangi islohotlar esa ro‘yxatdan o‘tmagan bolalarni majburiy aniqlashni belgilab beradi.
Qanday yangiliklar? Joriy yilning aprelida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan "Davlat huquqiy siyosatini yuritishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish choralari to‘g‘risida"gi farmon imzolandi, unda FHDYo organlari faoliyatidagi o‘zgarishlar va modernizatsiyaning asosiy vazifalari belgilab berildi. Shunday qilib, 2018 yilning 1 iyulidan FHDYo organlari shahar va tuman hokimliklari tasarrufiga topshiriladi. Hokimlar FHDYo faoliyati ustidan umumiy boshqaruvni amalga oshirishadi.
"FHDYo yagona elektron arxivi". 2019 yilning 1 yanvariga qadar fertil yoshdagi ayollarni hisobga olish tizimi tatbiq etiladi (homiladorlikdan bola tug‘ilishigacha bo‘lgan davr nazorat qilinadi). 2019 yilning 1 yanvaridan tug‘ilish va o‘lim holatiga doir noyob kodli (identifikator) elektron guvohnoma berish yagona tartibi yo‘lga qo‘yiladi. Yozuvlarni raqamlashtirish va yagona elektron arxiv fondini shakllantirish jarayoni 2022 yilning 1 yanvariga qadar FHDYo organlarida amalga oshiriladi.
Yig‘imlar bekor qilinadi. 2018 yilning 1 iyulidan fuqarolar quyidagi holatlarda davlat bojini to‘lashmaydi:
- nikoh shartnomasini notarial tasdiqlatish;
- aliment to‘lashga doir shartnomani notarial tasdiqlatish;
- otalik, onalik faktini va bolaning tug‘ilgan vaqtini belgilashga doir sud arizasi topshirilganda.
Ijtimoiy jihatdan ahamiyatli tizimlarni isloh qilish bu butun bir kompleksli keng ko‘lamli jarayondir. FHDYo organlari modernizatsiyasi ham bundan istisno emas. Aholiga xizmat ko‘rsatilar ekan, tizim maksimal darajada qulay, innovatsion va shaffof bo‘lishi kerak. "Shaffoflik" - byurokratiya va korrupsiyaga qarshi kurashda asosiy omillardan biri, innovatsiyalar esa bu tizimni ijtimoiy jihatdan qulay qiladi.
Mavzuga oid
09:09 / 14.04.2026
O‘zbekistonda elektron tijorat uchun bond omborlari tashkil etiladi
10:31 / 30.03.2026
Issiqxona xo‘jaliklariga yangi imtiyozlar beriladi
09:37 / 30.03.2026
Uchta yangi milliy tabiat bog‘i tashkil etiladi
08:27 / 17.03.2026